3 oydan ortiq muddatga ota-onasi xorijiy davlatga ketayotgan bolalarga vasiy yoki homiy tayinlash joriy etiladi

19:54 13 Yanvar 2023 Jamiyat
497 0

Foto: Arxiv surat

AOKAda oʻtkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara Oʻrinboyeva xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalarning huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasi mazmun-mohiyati yuzasidan maʼlumot berdi.

Qonun loyihasiga asosan, voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz qilganlar amnistiyaga tushmaydi, taʼlim va tibbiyot muassasalarida ishlashi taqiqlanadi, birovning shaxsiy foto-video va yozishmalarini tarqatish bilan shantaj qilish uchun jinoiy javobgarlik boʻlishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalarning huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasiga koʻra, 18 yoshga toʻlmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish, unga nisbatan zoʻrlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish, fohishalikka jalb qilish, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlash uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Xususan, ularga nisbatan:

— jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish qoʻllanilmaydi;

— ayolni homilasini sunʼiy tushirishga majburlash nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish, shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, 16 yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish uchun jazo ogʻirlashtirilmoqda;

— shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik (intim hayot daxlsizligini buzish) uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda;

— jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish: uning qaddi-qomatini shahvoniy mazmunda tasvirlash, shu mazmundagi soʻzlar bilan chaqirish, izohlash, qiyoslash, shahvoniy maylni koʻrsatuvchi harakatlar qilish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda;

— shaxsning hayoti va sogʻligʻi, erkinligi, shaʼni va qadr qimmatiga, Oʻzbekiston Respublikasiga, tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga yetmaganlarga xizmat koʻrsatiladigan taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarida ishlashi taqiqlanmoqda.

Shu bilan birga, 18 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan ayrim jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qoʻllanilmasligi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasining muhim jihatlaridan biri, Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toifasi aniqlashtirilib, ularning huquqlari kafolatlari va davlat himoyasi kuchaytirilmoqda;

3 oydan ortiq muddatga ota-onasi xorijiy davlatga ketayotgan bolalarga nisbatan vasiy yoki homiy tayinlanishi joriy etilmoqda;

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda voyaga yetmagan, mehnatga layoqatsiz shaxslar va ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan “haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilish” tarzidagi yangi jazo turi joriy etilmoqda;

Aliment boʻyicha majburiyatlarga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborilmasligi belgilanmoqda;

Mazkur loyihada AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Germaniya, Belgiya, Portugaliya, Singapur kabi ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zoʻravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oila institutini mustahkamlash, maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilashga qaratilgan bir qator yangi takliflar ilgari surilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?