28-mart kuni III Toshkent Xalqaro marafoni boʻlib oʻtadi. U haqida yana nimalar maʼlum?
Joriy yil 28-mart kuni poytaxtimiz aholisi va mehmonlari yilning muhim sport voqeliklaridan biri – III Toshkent Xalqaro marafoniga guvoh boʻlishadi. Shu munosabat bilan bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kotibiyat mudiri O.Qudratov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari R.Ermatov, Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi O.Kasimov, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi prezidenti A.Abduvaliyev, III Toshkent Xalqaro marafonini oʻtkazish direksiyasi direktori U.Mamadaliyev, vazirlik mutasaddilari, turli sport federatsiyalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
COVID-19 virusining butun dunyoda keng tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan pandemik sharoitning zararli oqibatlarini kuchaytirmaslik maqsadida koʻplab sport va ommaviy tadbirlar onlayn tarzda oʻtkazilmoqda. Shuni inobatga olgan holda, III Toshkent Xalqaro marafonini karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda, marafon (42,195 km), yarimmarafon (21,0975 km), ekiden (5 km+10 km+5 km+10 km+5 km+7,195 km) va 3km masofada oʻtkazish, ishtirokchilarni zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda roʻyxatga olish belgilandi.
Ushbu ommaviy sport tadbirini nafaqat yurtimiz, balki uning tashqarisida ham ommalashtirish orqali III Toshkent Xalqaro marafonining oʻziga xos brendini yaratish va targʻib qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Marafon hamda yarim marafon musobaqalarida 18 yosh va undan yuqori boʻlgan professional sportchilar ishtirok etish huquqiga ega. Ular medal, diplom hamda qimmatbaho sovgʻalardan tashqari Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasi uchun ham kurash olib borishadi.
Ekiden — bu ham marafon poygasi boʻlib, uning umumiy uzunligi ham xuddi marafon singari 42 km 195 metrni tashkil etadi. Faqat, bunda belgilangan masofa bir kishi emas, balki 6 nafar ishtirokchi tomonidan bosib oʻtiladi. Jamoaviy estafeta shaklidagi ushbu yoʻnalishda ishtirokchilar mos ravishda 5 km+10 km+5 km+10 km+5 km+7,195 km masofani ketma-ketlikda bosib oʻtishlari zarur. Bunda ishtirokchilar jamoa boʻlib musobaqalarga kirishadi. Ekiden marafon – Toshkent Xalqaro marafonining yangi yoʻnalishi boʻlib, hozirda unga qiziqish tobora ortib bormoqda.
Matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, ekiden yoʻnalishidagi musobaqalarda ishtirok etish uchun ayni paytga kelib 50ga yaqin jamoa roʻyxatdan oʻtgan. Onlayn tarzda roʻyxatga olish jarayoni 27-mart kuni kechga tomon yakunlanishini inobatga olsak, bahslarga yana 10-15tacha jamoa qoʻshilishi mumkin.
Taʼkidlash joiz, Toshkent xalqaro marafonining nufuzi yildan yilga ortib bormoqda. Buni ishtirokchilar sonining oʻsishida ham koʻrishimiz mumkin. Agarda 2019-yili oʻtkazilgan dastlabki musobaqada ming nafarga yaqin ishtirokchi qatnashgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich 1 600 nafarga yaqinlashgan. Uchinchi bor tashkil etilayotgan bu safargi musobaqada esa ishtirokchilar soni ikki minglik dovondan ham oʻtishi kutilmoqda.
Epidemiologik vaziyat tufayli III Toshkent Xalqaro marafonida koʻplab xorijiy davlatlar vakillari qatnasholmayapti. Ammo, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari anchaginani tashkil etmoqda.
Toshkent Xalqaro marafoni va yarimmarafoni trassasi AIMS, yaʼni Xalqaro marafon va yugurish assotsiatsiyasi tomonidan sertifikatlangan. AIMS – World Athletics Xalqaro yengil atletika federatsiyalari uyushmasining aʼzosi hisoblanadi.
Marafonning boshlanish nuqtasi – Afrosiyob koʻchasida, “Humo Arena” muz saroyi yonida boʻlib, qatnashchilar marafon davomida Toshkent shahrining markaziy koʻchalari, jumladan Afrosiyob, Beshyogʻoch, Oybek, Nukus va Abdulla Qodiriy koʻchalarini yugurib oʻtishadi. Marafonga soat 8:00da start beriladi.
Tashkiliy qoʻmita huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda marafonning toʻliq sanitar qoidalar asosida xavfsiz oʻtishini taʼminlaydi. Tadbirni oʻtkazish vaqtida tomoshabinlar, ishtirokchilar, hakamlar, koʻngillilar va texnik guruhlar tomonidan epidemiologik xavfsizlikning barcha qoidalariga soʻzsiz rioya qilish talab etiladi.
Tadbir davomida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga javob olishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring