XXVII Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida 15 mamlakat oʻz milliy stendlari bilan qatnashadi

15:51 24 Noyabr 2022 Dunyo
457 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligining ''Dunyo'' axborot agentligi

Ilgari xabar berilganidek, joriy yil 30-noyabr – 2-dekabr kunlari Toshkent shahridagi “Oʻzekspomarkaz” majmuasida “Ipak yoʻlida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi oʻtkaziladi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Bosh vazir oʻrinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Germaniyaning “Mangold consulting GMBH” kompaniyasi raisi, professor Klaus Mangold, “Milliy PR markazi” davlat unitar korxonasi direktori Dilfuza Samandarova, “The Says Lot” MCHJ bosh direktori Rustam Munasipov ishtirok etdi.

Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov oʻz nutqida yarmarkaning ahamiyati va uning soha rivojidagi oʻrni haqida soʻz yuritdi.

-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi mintaqada turizm sanoatini qoʻllab-quvvatlash va sayyohlik sohasida xalqaro hamkorlik jugʻrofiyasini kengaytirish boʻyicha umumiy saʼy-harakatlarni birlashtiradigan, Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyoda turizm sohasidagi eng yorqin xalqaro tadbir boʻladi, - dedi Aziz Abduhakimov. - Yarmarka doirasida dunyoning 15 dan ortiq davlati oʻz milliy stendlari bilan ishtirok etmoqda. Bular orasida Yaponiya va Fransiya kabi yangi ishtirokchi davlatlarning borligi bizni quvontiradi. Bu yilga anjumanda 15 davlatdan 76 ta tashkilot qatnashmoqda. Shu bilan birga, uch kun mobaynida, yetakchi xalqaro ekspertlar bilan forum va sessiyalar, milliy oshpazlarning mahorat darslari, mamlakatimiz madaniy merosini namoyish etuvchi Oʻzbekiston hunarmandlarining koʻrgazmasi va yarmarka tarixida ilk marta mahalliy va xalqaro dizaynerlar ishtirokida modalar namoyishi boʻlib oʻtadi. Bundan tashqari, joriy yilda yarmarka ishtirokchilari oʻrtasida koʻplab V2V uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Ayni damda Oʻzbekistonda boʻlib turgan Klaus Mangold yurtimizning turistik salohiyati va sohada olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Taʼkidlash joizki, joriy yilda TXTYA-2022-maydonchasida mahalliy aholi, shuningdek, MDH va Yevropadan 20 mingga yaqin mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi sayyohlik yoʻnalishlari, xorijiy mamlakatlarning rang-barang muhiti, madaniyati va anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishadi.

TXTYA-2022 forumiga turizm sohasidagi taniqli mutaxassislar taklif etilgan boʻlib, ular orasida Oʻzbekistonning xorijdagi sayyohlik brendi elchilari, “BBC World News”, “Lonely Planet”, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya turizm tashkilotlari uyushmalari vakillari, PR mutaxassislari va boshqalar bor.

Maʼlumot uchun: TXTYA ilk bor 1995-yilda BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) koʻmagida oʻtkazilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?