27 yil yoshlarni oʻqitmadik, dardiga quloq tutmadik. Yoshlar bizdan 20 baravar ilgarilab ketdi – Prezident

16:58 13 Aprel 2021 Siyosat
1115 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 13-aprel kuni yoshlar bandligi va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

OʻzAning yozishicha, yigʻilishda joylardagi muammolar aniq misollar bilan aytib oʻtilgan. 

Masalan, Andijon viloyatida 80 ming nafar ishsiz yoshdan birinchi chorakda 35 ming 600 nafarining bandligi taʼminlangan, shundan bor-yoʻgʻi 5 mingga yaqini doimiy ishlarga joylashtirilgan. Vaholanki, bugungi kunda viloyatda sanoat korxonalari va klasterlarda 7 mingta doimiy vakant ish oʻrinlari mavjud.

Jalaquduq, Paxtaobod tumanlari va Xonobod shahrida boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda.

Xuddi shu kabi, ishsiz yoshlarni kasb va tadbirkorlikka oʻqitishda ham muammolar bor. Kosonsoyda 4,5 ming nafar ishsiz yoshlarning 31 nafari, Namangan tumanida 3,6 ming nafardan 47 nafari, Taxtakoʻpirda 1,3 ming nafardan 45 nafari oʻqitilgan, xolos.

Shuningdek, yoshlarning oʻzini oʻzi band qilishi uchun Bandlik jamgʻarmasidan 7 million soʻmgacha subsidiya ajratilishi belgilangan boʻlsada, Qashqadaryoda bor-yoʻgʻi 5 nafar, Andijonda 11 nafar, Qoraqalpogʻistonda 76 nafar yoshlarga subsidiya ajratilgan.

Prezident hokimlarning yoshlar boʻyicha har 15 kun, 1 oyda nima tashabbus koʻrsatganiga qarab faoliyatiga baho berilishi, shunga qarab ishda qolish-qolmasligi hal etilishini taʼkidladi.

– 27 yil yoshlarni oʻqitmadik, dardiga quloq tutmadik. Yoshlar bizdan 20 baravar ilgarilab ketdi. Ularga yetish uchun koʻproq ishlash, oʻrganish kerak. 2-3 yil oldin tizim yoʻq edi, keyingi paytlarda yetarli qarorlar qabul qildik. Endi har bir maktab, kollej, texnikum, hunar-texnika maktablari direktorlari tashabbus bilan chiqishi kerak, - dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?