2,5 yilda 50 ta MTTni taʼmirlashda byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingan

00:18 22 Avgust 2021 Jamiyat
923 0

Oliy Majlis Senatida Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi, Milliy kengash raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Kengash aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ishtirok etgan majlisda oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Xususan, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga oid Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta muhim hujjati – farmon va qarori, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan davlat dasturi qabul qilindi.

Majlisda vazirlik va idoralar birinchi rahbarlarining ijro intizomi boʻyicha shaxsiy masʼuliyatini oshirish, Milliy kengash majlisi bayonnomasida belgilangan vazifalarni toʻliq ado etishlari yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, madaniyat, sogʻliqni saqlash, bandlik, transport sohalari hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tizimida sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar va ularning kelib chiqish sabablari tahlil etildi.

Shu bilan birga, majlisda 2017-2020-yillarda Davlat dasturlari ijrosi yuzasidan maktabgacha taʼlim tashkilotlari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarida byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, 2021-yilning I yarim yilligida maktabgacha taʼlim tizimining qurilish sohasida 89 ta holatda moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. 2019-2020-yillar va 2021-yilning I yarmida 50 ta MTTda amalga oshirilgan kapital taʼmirlash ishlarida byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingan.

Oliy taʼlim tizimida oʻtkazilgan oʻrganishda 2 ta oliygohda buxgalteriya xizmatining xodimlari tomonidan mablagʻlar noqonuniy oʻzlashtirilganligi aniqlangan.

Majlisda moliyaviy intizomni kuchaytirish va byudjet daromadlarini oshirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab olindi.

Aniqlangan korrupsiya holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlar sodir etilishining oldini olish boʻyicha profilaktik choralar koʻrish yuzasidan xalq taʼlimi, madaniyat, sogʻliqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari, transport, energetika vazirlari, shuningdek, Jizzax, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hokimlarining axborotlari eshitildi.

Majlis yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi toʻgʻrisidagi nizom hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha hududiy kengashlar toʻgʻrisida namunaviy nizomlar, Milliy kengashning 2021-yilning ikkinchi yarim yilligiga moʻljallangan ish rejasi tasdiqlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?