24-28-oktyabr kunlari IX Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi oʻtkaziladi

15:20 20 Oktyabr 2022 Dunyo
566 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligining ''Dunyo'' axborot agentligi

Bugun poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida ushbu xalqaro madaniy tadbirga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi 2001-yildan buyon ikki yilda bir marotaba Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan qator vazirlik va idoralar koʻmagida, diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar hamkorligida oʻtkazib kelinayotgani qayd etildi.

Alohida taʼkidlanganidek, ushbu biyennale tasviriy sanʼat sohasida madaniy almashuv, turli mamlakatlarning zamonaviy ijodiy salohiyati bilan tanishish, zamonaviy sanʼatning dolzarb muammolarini muhokama qilish uchun ochiq maydon boʻlib xizmat qilmoqda.

IX Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesining maqsadi sohada yangi gʻoyalar va istiqbolli tendensiyalarni qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekiston va xorijiy davlatlarning zamonaviy sanʼatini ommalashtirish, tasviriy sanʼatning qiziqarli eksperimental shakllarini aniqlash, rassomning zamonaviy jamiyatdagi oʻrni va ahamiyatiga eʼtibor qaratishdan iboratdir.

Biyennale zamonaviy sanʼat turlarini xalqimiz va jahon hamjamiyatiga taqdim etish, jahonda rivojlanayotgan zamonaviy sanʼat jarayonlarini oʻrganish orqali turli xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Besh kun davom etadigan ushbu xalqaro forum davomida sanʼat ixlosmandlari Ozarbayjon, Argentina, Armaniston, Bolgariya, Belarus, Braziliya, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Niderlandiya, Misr, Isroil, Italiya, Ispaniya, Eron, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Xitoy, Quvayt, Kanada, Litva, Malayziya, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Serbiya, AQSH, Turkmaniston, Tojikiston, Turkiya, Tunis, Fransiya, Filippin singari dunyoning 35 mamlakati ijodkorlarining sanʼat namunalaridan bahra olib, oʻzaro muloqot va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatiga ega boʻlishadi.

Tadbir dasturidan, shuningdek, turli koʻrgazmalar,taniqli xorijiy rassomlarning mahorat darslari, ilmiy konferensiyalar oʻrin olgan.

IX Toshkent Xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi hayʼatining aʼzolari Italiya, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya hamda Rossiyaning taniqli ekspertlaridan tashkil topgan.

Madaniy anjumanda xalqaro va mahalliy ijodkorlar sanʼatning qator pop-art, raqamli sanʼat, video va foto art, rang-tasvir, grafika va boshqa yoʻnalishlarida ishtirok etishadi. Bundan tashqari, biyennaleda masofadan turib (onlayn) ishtirok etuvchi rassomlar zamonaviy sanʼatning video-art, foto-art yoʻnalishlarida oʻz ijodiy ishlarini taqdim qilishadi.

IX Toshkent Xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi koʻrgazma, mahorat darslari va ilmiy anjumanlar Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi, Markaziy koʻrgazmalar zali, Toshkent fotosuratlar uyi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasida boʻlib oʻtadi.

Tadbir yakunida Gran-pri, 1-,2-,3- oʻrinlarning sohiblari aniqlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер