212 yoshli samovar joʻmragi nega baliq shaklida tayyorlangan?

12:37 24 Oktyabr 2022 Jamiyat
280 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumotlarga qaraganda, Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi fondlarida 130 mingga yaqin tarixiy ashyo bor.

— Bu goʻsha nafaqat mahalliy tarixiy osori atiqalari, balki Fransiya, Polsha, Germaniya, Vengriya, Italiya, Rossiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Arabiston, Misr, Turkiya, Kavkazorti, Afgʻoniston va Markaziy Osiyo davlatlaridan turli davrlarda savdo-sotiq, sovgʻa, buyurtma va boshqa maqsadlarda keltirilgan buyumlari bilan ham dunyoga mashhur, — deydi muzey- qoʻriqxona Tarix ilmiy boʻlimi mudiri Oʻktamali Ravshanov. — Ular tomoshabinlar va tadqiqotchilarning eʼtiborini tortib kelmoqda.

Muzeyni tomosha qilayotganlarni oʻziga xos dizaynga ega samovar tarixi qiziqtirishi tayin. Gap shundaki, bu samovar 1810-yilda ishlab chiqarilgan.

— Tula XVII asrdan boshlab metall ishlab chiqarish markaziga aylandi, — davom etadi Oʻ. Ravshanov. — Bu yerda birinchi navbatda qurol tayyorlash rivojlandi. Aynan mis buyumlardan samovarlar tayyorlash esa hunarmandchilikning asosiy turiga aylandi. Muzey eksponati - biz nazarda tutgan samovar Ivan Lisitsin fabrikasida ishlab chiqarilgan. Oradan 100-yil oʻtib u Xoja Yaqubga vaqf qilingani haqidagi maʼlumot saqlangan. Samovar antik qadah shaklida. U choy uchun suv qaynatishga moʻljallangan. Eʼtiborlisi, joʻmragi baliq koʻrinishida tayyorlangan. Ayrim fikr – mulohazalarga koʻra, bunday qilingani bejiz emas.Ch unki baliq musulmonchilikda halollik ramzi sanaladi. Binobarin, baliq shaklidagi joʻmrakdan keladigan suv halol hisoblanadi. Sigʻimi 100 litr. Unda 40 daqiqada suv qaynaydi. Toʻrtta gʻildiragi bor. Bu uni boshqa joyga eltish uchun qulaylik tugʻdiradi.

Aytish joizki, ayni damda Buxoro davlat muzey – qoʻriqxonasida turli davrlarda ishlab chiqarilgan, tarixiy ahamiyatga ega 30 dan ziyod samovar saqlanmoqda.

Istam IBROHIMOV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?