2026-yilga qadar 21 mingdan ortiq qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkaziladi

13:46 19 Aprel 2022 Jamiyat
441 0

Bugun, 19-aprel kuni AOKAda Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimlari, huquqshunos-ekspertlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish borasida amalga oshirlgan ishlar va istiqboldagi rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda aytilishicha, nomativ hujjatlarining loyihalari huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizalardan oʻtkazilishi shart. Mazkur faoliyat bilan shugʻullanish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ–3666-son qaroriga asosan Adliya vazirligining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan. Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotda qoʻllashda vujudga kelayotgan korrupsiyaviy xavflarni tahlil qilish, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalaridagi korrupsiyaga sabab boʻladigan normalarni aniqlash, ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar koʻrish ham bevosita vazirlikning asosiy funksiyalaridan biri hisoblanadi.

Tadbirda qonunchilik hujjatlari loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish borasida qilingan ishlarga toʻxtalib, 2021-yil 24-fevralda joriy qilingan yangi tartibga asosan 2021-yil yakuniga qadar Adliya vazirligi tomonidan 1 820 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilganligi maʼlum qilindi.

Korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 13-bandiga koʻra loyihalarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi ishlab chiquvchi tomonidan cheklistni toʻldirish orqali oʻtkazilishi belgilangan. Biroq, ushbu davrda kiritilgan loyihalarning 708 tasi yoki 39 foizida cheklist toʻldirilmagan. Bu esa, ushbu loyihalarning korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilmaganligidan dalolat beradi.

Maʼlum boʻlishicha, oʻtgan davr mobaynida Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilgan loyihalarning 245 tasi yoki 13 foizida 405 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan hamda loyiha ishlab chiquvchilariga ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli takliflar berilgan.

Shundan 114 ta loyiha alohida tartibda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilganda ularning 83 tasida yoki 73 foizida 237 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan. Shuningdek, 2022-yil I choragi davomida kiritilgan 584 ta loyihalarning 163 tasiga yoki 28 foiziga korrupsiyaviy omillarni aniqlash boʻyicha cheklist ilova qilinmagan. Bu esa, ushbu loyihalarning ishlab chiquvchilari tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilmaganligini bildiradi.

Ushbu davrda Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilgan loyihalarning 74 tasida 122 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan hamda loyiha ishlab chiquvchilariga ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli takliflar berilgan. Shu bilan birga, 34 ta loyihaga cheklist ilova qilinmaganligi sababli loyihalar ekspertizadan oʻtkazilmay qaytarilgan.

Masʼullarning taʼkidlashicha, huquqni qoʻllash amaliyotida uchrayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish va normativ-huquqiy hujjatlarni “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-oktyabrdagi PQ‒5263-son qarori qabul qilinganligi soha rivojida muhim qadam boʻlgan.

Mazkur qaror bilan joriy qilingan yangi tizimga muvofiq ilk bor amaldagi qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Avvallari esa, faqat loyihalargina korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilar edi. 2021-yil davomida Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda jami 892 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilib ularning 224 tasida yoki 25 foizida 660 dan ortiq korrupsiyaviy omillar aniqlangan.

Shu bilan birga yuqoridagi qaror bilan bu borada ishlarni tizimli davom ettirish va 2026-yilga kelib amaldagi barcha qonunchilik hujjatlarini (jami 21 mingdan ortiq) korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish reja-grafigi tasdiqlangan. Shuningdek, matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, xorijiy mamlakatlarning ijobiy tajribasidan kelib chiqqan holda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish jarayonlariga jamoatchilik, ilmiy tashkilotlar va mustaqil ekspertlarni keng jalb qilishning huquqiy asoslari yaratilgan.

Xususan, Adliya vazirligiga Qonunchilik hujjatlari va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha ekspertlar reyestrini yuritish vazifasi yuklatilgan boʻlib, buning huquqiy asoslarini oʻz ichiga olgan nizom (roʻyxat raqami 3347, 2022-yil 3-fevral) qabul qilindi. Endilikda qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishda jamoatchilik vakillari, ilmiy tashkilotlar va mustaqil ekspertlar faol qatnashishlari mumkin boʻldi.

Qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish ishlarini samarali tashkil qilish maqsadida Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-martdagi 140-son “2022-yilda normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan 2021-yilda aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha yoʻl xaritasi tasdiqlandi hamda ijtimoiy himoya, moliya va bank, tadbirkorlik, tashqi iqtisodiy faoliyat va bojxona ishi sohalariga oid 1 860 ta qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish belgilanganligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер