2026-yildan elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz ulgurji bozorga oʻtkaziladi hamda narxlar erkin belgilanadi

08:47 05 Iyul 2022 Iqtisodiyot
730 0

Foto: Illustrativ foto

AOKAda oʻtkazilgan brifingda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshligʻi Quvonchbek Mustafoyev yoqilgʻi-energetika resurslarining narxlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslarining narxlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga 2022-yilning 31-may kuni muhokamaga qoʻyilgan edi.

15-iyun kuni muhokama jarayonlari yakunlangan boʻlib, qaror loyihasiga 1 100 dan ortiq taklif va eʼtirozlar kelib tushdi.

Eng koʻp takliflardan biri qish mavsumida elektr energiyasiga (tabiiy gaz uchun oʻrnatilgani kabi) belgilangan ijtimoiy meʼyor shakllantirish boʻyicha kelib tushgan.

Korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energiya tejamkorlikni oshirish maqsadida 2023-yil 1-apreldan kuchga kiradigan yangi narxlar ham mazkur qaror bilan belgilab berilmoqda.

2023-yil 1-apreldan oʻrnatiladigan yoqilgʻi-energetika resurslarining narxlari kelgusi yillarda qayta koʻrib chiqilishida inflyatsiya darajasiga indeksatsiya qilib borilishi, 2026-yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga oʻtiladi hamda narxlar erkin shakllanishi belgilangan.

Muhokamaga chiqarilgan qaror loyihasi boʻyicha aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, qaror loyihasida aholi uchun joriy etilishi nazarda tutilgan “ijtimoiy meʼyor”ning joriy qilinishi mutaxassislar tomonidan qayta koʻrib chiqilmoqda va mazkur qaror bilan aholi uchun narxlar oʻzgarishsiz qoldirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?