2025-yilga borib Oʻzbekiston toʻlaqonli elektr energiya eksport qiluvchi mamlakatga aylanishi kerak — Mutaxassis

01:03 05 Dekabr 2020 Jamiyat
2406 0

Jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda OAV xodimlari Sariosiyo tumanidagi “Toʻpalang” suv ombori, gidroelektr stansiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Unda “Xalq soʻzi” muxbiri “Toʼpalang HPD Platinum” MCHJ direktori oʻrinbosari Saʼdulla Asadovga bir qator savollar bilan murojaat qildi.

— Gidroenergiyaning eng arzon energiya ekanligi haqida aytingiz. Shu haqda batafsilroq maʼlumot bersangiz?

— Gidroenergetika arzon energiya, chunki bepul, tabiiy resurs — oqib kelayotgan suvdan olinadi. Shu bois arzon, faqatgina quriladigan Gidroelektr stansiya uchun mablagʻ zarur boʻladi, xolos. Issiqlik elektr stansiyalari elektr energiyasi olish uchun gaz, koʻmir yoki mazut ishlatiladi. Shu bois ularda ishlab chiqariladigan energiya qimmat boʻladi. GES oʻziga ketgan xarajatni 3 yilda qoplasa, IESlar 15 yilda qoplaydi.

— Qurilish narxichi? GESni qurish IESga qaraganda arzonga tushadimi?

— Bu GESning hajmiga ham bogʻliq.

— Bugun Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan jami energiya miqdorida GESlarning ulushi qanday?

— 2014-yili Oʻzbekistonda umumiy ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmida gidroelektr energiyasi bor-yoʻgʻi 6 foizni tashkil qilgan. 2017-yilda 2021-yilga qadar gidroenergetikani rivojlantirish dasturi qabul qilingan. Shunga asosan bu koʻrsatkich 26 foizga qadar chiqarilishi kerak. Bu natijaga erishsak va IES chiqarayotgan elektr energiyani ham qoʻshib hisoblasak, Oʻzbekiston oʻzining energiyaga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondira oladi. Bu degani, 2025-yilga borib Oʻzbekiston toʻlaqonli elektr energiyani eksport qiluvchi mamlakatga aylanishi kerak. Chunki qaysi davlat elektr energiyani eksport qilsa, bu uning iqtisodiy qudrati yuqoriligidan darak beradi. Qoʻshnilarimizda elektr energiyaga ehtiyoj bor. Masalan, Afgʻonistonda.

— IESda ishlab chiqarilgan va GESda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining tannarxini ham solishtirsak. Xoʻsh, tannarxdagi farq qancha?

—Hozirgi tannarx boʻyicha aniq maʼlumotim yoʻq. Ammo 2014-2015-yillarda GESlarda ishlab chiqariladigan 1 kv elektr energiyaning tannarxi 40-45 sentni, IESlarda 3-3,5 AQSH dollarni tashkil etar edi.

— GESlar faqat mana shunday togʻli hududlarda quriladimi?

— Yoʻq. GESni hamma joyda qurish mumkin. Basharti daryo boʻlsa. Chunki uning ishlashi uchun muntazam oquvchi suv havzasi kerak. Mamlakatimiz hududidan boshlanib, mamlakatimiz hududda oqadigan katta daryolar, men bilganim Oʻzbekistonda 2 ta. Ular Toʻpalang va Piskom (Toshkent viloyati) daryolari. Qolganlarining yo suvi kam, yo boshqa davlat hududidan boshlangan. Boshqa davlat bilan bogʻliq boʻlsa, u sherikchilik boʻlib qoladi. Bu esa oʻzimizniki.

Inobat AHATOVA,  “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?