2024-yilda sirdaryolik shifokorlar buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotini oʻzlari mustaqil oʻtkazishadi

17:04 04 Iyul 2023 Jamiyat
602 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buyrak va jigar transplantatsiyasi oʻta murakkab va noyob jarrohlik amaliyoti hisoblanadi. Shu sababli yaqin yillargacha ushbu turdagi amaliyotga muhtoj boʻlgan bemorlar Hindiston, Rossiya, Turkiyaga borar edi.

Oʻtgan bir yilda V. Vohidov nomidagi Respublika xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazida buyrak transplantatsiyasi bilan bogʻliq mingdan ortiq yuqori texnologik amaliyotlar oʻtkazildi. Jigar transplantatsiyasining soni esa oltmishga yaqinlashib qoldi.

Hozirda ushbu amaliyotlar faqat V. Vohidov nomli Respublika xirurgiya ilmiy amaliy markazida emas, mamlakatimizning boshqa hududlari xususan, Sirdaryo viloyatida ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda.

— Malakali mutaxassislarimiz sirdaryolik shifokorlar bilan hamkorlikda oʻtgan va joriy yil davomida Guliston tibbiyot klasteri hamda Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasining umumiy jarrohlik boʻlimida 8 nafar fuqaroda yuqori texnologik buyrak transplantatsiya amaliyotini oʻtkazdi, — deydi V. Vohidov nomidagi Respublika xirurgiya ilmiy amaliy markazi rahbari, professor Saidmurod Ismoilov. – Shu yil soʻnggiga qadar Sirdaryoda yana 20 ga yaqin ayni turdagi amaliyotni oʻtkazish rejalashtirilgan. 2024-yildan boshlab esa bu turdagi amaliyotlarni sirdaryolik mutaxassislarning oʻzlari mustaqil ravishda bajarishga kirishadilar.

Bu borada doimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yaqinda markaz rahbari Saidmurod Ismoilov ishtirokida Guliston tibbiyot klasterida surunkali buyrak yetishmovchiligi, jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi bilan kasallanib, buyrak, jigar transplantatsiyasi amaliyotini boshdan oʻtkazgan bemor va donorlar uchun ikki kunlik tibbiy koʻrik tashkil etildi.

                                                      Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?