2023-yilda tabiiy gaz qazib olish hajmi 56,3 mlrd kub metrga yetkazilishi kutilmoqda

22:21 23 Yanvar 2023 Iqtisodiyot
644 0

Foto: Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan ayni paytda Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida mamlakatimizda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi davom etmoqda.

Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda jamoat transporti, kommunal soha va chiqindi tashish maxsus texnikalari, qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalarning maxsus transport vositalari uchun hozirdan alohida gaz quyish shoxobchalarini biriktirib berishi kerakligi taʼkidlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2023-yilda tabiiy gaz qazib olish hajmini 56,3 mlrd kub metrga yetkazib (2022-yilda 51,7 mlrd kub metr), oʻtgan yilga nisbatan 4,6 mlrd kub metrga oshirish imkoniyati bor.

Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya joriy etish va energiya samaradorligini oshirish hisobiga 1,6 mlrd kub metr gaz iqtisod qilishimiz mumkin.

“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati (Abdullayev) joriy yilda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini 32,8 mlrd kub metrga yetkazish uchun qiymati 5,7 trln soʻmga teng 744 ta geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirishi zarurligi qayd etildi.

Energetika vazirligi (Axmedxodjayev) joriy yilda tabiiy gaz va elektr energiyasi, koʻmir va mazut importi bilan bogʻliq masalalarni qayta koʻrib chiqishi, boshqa muqobil hamkorlar bilan muzokaralar oʻtkazishi, kelishuvlarga erishish boʻyicha oldindan barcha zarur tadbirlarni amalga oshirishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan, 23-27-yanvar kunlari respublikaning aksariyat hududlariga nisbatan sovuq havo massasi kirib kelishi va buning natijasida havo harorati joylarda kechasi -5...-18 daraja sovushi bashorat qilinmoqda.

Shuning uchun, oʻtgan 15 kun davomida amalga oshirilgan tadbirlarni yanada kuchaytirgan holda shtablar faoliyatini davom ettirish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер