2023-yilda umumiy qiymati 2,0 mlrd. dollar boʻlgan 465 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi — “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi

17:34 27 Fevral 2023 Iqtisodiyot
782 0

Foto: Халқ сўзи

AOKAda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqarma boshliqlari Bahrom Allabergenov, Qosim Muhammadiyev va axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov ishtirok etdi.

Maʼlum qilindiki, 2023-yilda sanoat korxonalari tomonidan 35,3 trln soʻmlik qurilish materiallari ishlab chiqarish, 1 mlrd dollarlik eksport amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yilda mahalliylashtirish dasturiga koʻra 1,7 trln soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish koʻzda tutilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Germaniya, Fransiya, Belorus va Janubiy Koreya mamlakatlariga davlat tashrifi doirasida zamonaviy import oʻrnini bosuvchi qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida ilgʻor xorijiy kompaniyalar bilan umumiy qiymati 2 mlrd 295 mln dollarlik 44 ta memorandum va kelishuvlar imzolangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2023 – 2025-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga va hududlarni ijtimoy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga asosan 2023-yilda jami 2,0 mlrd dollarlik 465 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Mazkur loyihalarni moliyalashtirishga 1,2 mlrd dollar xorijiy investitsiya va kreditlar jalb etiladi. Buning natijasida 15 mingta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Hududiy dasturlarga asosan qurilish materiallari sohasi boʻyicha mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda Qoraqalpogʻiston Respublikasida umumiy qiymati 118,5 mln. dollar boʻlgan 35 ta, Fargʻona viloyatida umumiy qiymati 321,7 mln. dollar boʻlgan 33 ta, Samarqand viloyatida umumiy qiymati 250,1 mln. dollar boʻlgan 69 ta, Jizzax viloyatida umumiy qiymati 224 mln. dollar boʻlgan 18 ta, Navoiy viloyatida umumiy qiymati 210,3 mln. dollar boʻlgan 41 ta, Namangan viloyatida esa umumiy qiymati 162 mln. dollar boʻlgan 38 ta loyiha ishga tushiriladi.

Uyushmasi Investitsiya dasturiga koʻra 2023-yilda qoʻshimcha ravishda istiqbolli investitsiya loyihalari ham shakllantirilgan. Unga koʻra, Fargʻona, Andijon, Navoiy va Xorazm viloyatlarida quvvati 560 ming metr kub boʻlgan gazobeton bloklarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi rejalashtirilmoqda. Namangan, Fargʻona, Surxondaryo viloyatlarida gips va gipsokarton listlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda. Hozirda yuqoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun salohiyatli investorlar va loyihani moliyalashtirish manbalari aniqlanmoqda.

Suratlar muallifi Sirojiddin Vohidov / “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?