2022/2023 oʻquv yilidan yurtimizda ilk bor transplantologiya va kardioxirurgiya boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi

15:01 13 Avgust 2022 Jamiyat
1880 0

Foto: SSV matbuot xizmati

Joriy oʻquv yilidan Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida “Transplantologiya” va “Kardioxirurgiya” mutaxassisliklari boʻyicha klinik ordinatura (rezidentura) mutaxassisligi boʻyicha taʼlim olish yoʻlga qoʻyiladi.

Muassasalarga Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi bilan mahalliy va xalqaro tajribaga asoslangan holda ushbu mutaxassisliklar boʻyicha oʻquv dasturlari tuzish boʻyicha topshiriqlar berildi.

“Kardioxirurgiya” va “Transplantologiya” mutaxassisliklarining murakkabligini hisobga olgan holda, ularga faqatgina “Xirurgiya” boʻyicha magistratura yoki “Umumiy xirurgiya” klinik ordinatura (rezidentura)ni bitirgan mutaxassislar hujjat topshira oladi.

Nomzodlar umumiy tanlov asosida qabul qilinishi belgilangan boʻlib, bu yoʻnalishlarda amaliyotga yoʻnaltirilgan oʻquv jarayoni 3 yil davom etadi.

Maʼlumot uchun, joriy oʻquv yilidan boshlab maqsadli va toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan klinik ordinatorlarning oʻquv jarayoni birinchi va ikkinchi (oʻqish muddati 3 yil boʻlgan mutaxassisliklar uchun) yillari tibbiyot institutlari klinikasi va ixtisoslashgan markazlarda oʻqitiladi.

Oʻquv davrining bitiruv (ikkinchi, uchinchi) yilining ikkinchi semestrida (oʻquv muddatining oxirgi oʻquv semestrida) hududlardagi ixtisoslashgan tibbiyot markazlari filiallari, viloyat bolalar va kattalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi filiallarida oʻquv amaliyot semestri oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?