2022/2023 oʻquv yilidan magistraturada oʻqiydigan barcha xotin-qizlarning kontrakti toʻlab beriladi

04:41 13 Mart 2022 Jamiyat
2892 0

Foto: Illustrativ foto

“Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–87-son, 07.03.2022-y.) qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2022-yil 1-sentyabrdan byudjet tashkilotlaridan boshqa barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oyda uzluksiz ish staji boʻlgan ayollarga har oy uchun minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan kelib chiqib byudjet hisobidan homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlanadi.

2022/2023 oʻquv yilidan:

— OTM, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki taʼlimda oʻqiyotgan xotin-qizlar kontraktlarini toʻlash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish uchun banklarga byudjetdan har yili 1,8 trillion soʻm yoʻnaltiriladi;

— davlat OTMlarida magistraturada oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari qoplab beriladi va bunga har yili kamida 200 milliard soʻm ajratiladi;

— xorijiy OTMlarga bakalavriat uchun – 50 nafar, magistratura uchun – 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali qoʻshimcha grantlar ajratiladi;

— har yili 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning taʼlim kontraktlari mahalliy byudjetdan toʻlab beriladi;

— mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan 500 nafar xotin-qizlar har yili Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tavsiyanomalariga asosan davlat OTMlariga umumiy kvotadan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi;

— davlat ilmiy tashkilotlari yoki OTM doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?