2022-yilda 29 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivi quriladi. Oldinroq 22 ta shunday massiv barpo etilishi aytilgandi

16:42 02 Dekabr 2021 Siyosat
663 0

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturi ijrosini samarali tashkil etish, ipoteka kreditlashni kengaytirish va qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi xabar bermoqda.

Yigʻilish avvalida Prezidentimiz oʻtgan kuni aholini uy-joy va yashash manziliga yaqin joylarda ish bilan taʼminlash boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish dasturi loyihasi muhokama qilingani, u qayta koʻrib chiqilib, massivlar soni 29 tagacha koʻpaytirilganini taʼkidladi.

«Bugungi yigʻilishda ipotekani kengaytirish va qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab olamiz.

Xabaringiz bor, bundan ikki yil oldin ipoteka tizimi tubdan isloh qilindi. Natijada sohaga sifat va raqobat kirib keldi, hududlarda zamonaviy arxitektura yechimlariga ega loyihalar paydo boʻldi.

Shu orqali ipoteka dasturlari doirasida yiliga 35 ming xonadonli uy-joylar qurilmoqda. Bu oldingi yillarga nisbatan 2 baravar koʻp», dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Prezidenti lavozimiga kirishish marosimida kelgusida 1 milliondan ortiq aholi uchun barcha qulaylik va ijtimoiy infratuzilmaga ega boʻlgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod etilishini aytgan edi.

Shu yilning 30-noyabr kuni davlat rahbari huzurida «Yangi Oʻzbekiston» massivlari loyihalari taqdimoti oʻtkazilgan edi. Unda kelgusi yilda 22 ta yangi massiv barpo etilishi aytilgan edi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?