2022-yil uchun Davlat byudjeti daromadlari prognozi maʼlum qilindi

19:30 17 Noyabr 2021 Siyosat
929 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi barcha qoʻmitaning kengaytirilgan yigʻilishlari boʻlib oʻtdi. Unda qoʻmita aʼzolari “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini atroflicha koʻrib chiqishdi.

Yigʻilishlarda Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi, tegishli vazirlik va idoralarning mutasaddi rahbarlari qatnashdi.

Har bir qoʻmita oʻzining yoʻnalishidan kelib chiqib, sohalarda ajratilayotgan mablagʻlarni muhokama qildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasi keyingi yilda iqtisodiy oʻsish darajasi 6 foiz, inflyatsiya darajasi 9 foiz, konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz miqdorida, shuningdek, yangidan imzolanadigan davlat tashqi qarzi yuqori chegarasi
4,5 mlrd. dollar miqdorida prognoz qilingan holda ishlab chiqildi. 2022-yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 200 trln. soʻmni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 23,8 foiz miqdorida prognoz qilinmoqda.

Kelgusi yil uchun byudjet prognozlari Davlat byudjeti taqchilligini 3 foizdan oshirmaslik, davlat qarzini moʻtadil darajada saqlab turish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan berilgan topshiriqlardan kelib chiqib shakllantirildi. Yaʼni Davlat byudjeti daromadlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun Davlat byudjeti xarajatlari 214,8 trln. soʻmni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 25,6 foiz miqdorida belgilanmoqda.

Davlat byudjetidan 2022-yilda iqtisodiyotga ajratilishi rejalashtirilayotgan xarajatlar 24,3 trln. soʻmni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,9 foizni tashkil etib, jami xarajatlarning 11,3 foizini tashkil etadi.

Qayd etilganidek, ijtimoiy soha xarajatlarining qariyb 45 foizi taʼlim sohasiga yoʻnaltirilmoqda. Xususan, maktabgacha taʼlim muassasalariga joriy yilga nisbatan hamma tadbirlarni va tarbiyalanuvchilar soni oshganligini inobatga olgan holda 8,6 trln. soʻm, xalq taʼlimiga 30,8 trln. soʻm, oʻrta maxsus va oliy taʼlimga 7,5 trln. soʻm mablagʻ ajratilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, olis va chekka hududlarda 1 600 ta bogʻcha tashkil etish uchun 1,5 trln soʻm subsidiya va kompensatsiya ajratilishi, maktablarda taʼlim sifatini oshirish hamda oʻquvchilar uchun yangi avlod darsliklarni ishlab chiqish va chop etish uchun Xalq taʼlimi vazirligining Kitob jamgʻarmasiga 605 mlrd. soʻm, maktablarni tezkor va sifatli internet tarmogʻi bilan taʼminlash ishlarini keyingi yilda yakuniga yetkazish uchun 152 mlrd. soʻm ajratish koʻzda tutilyapti.

Yigʻilishda keltirilganidek, 2022-yilda Davlat byudjetidan sogʻliqni saqlash sohasiga 24,0 trln. soʻm mablagʻ yoki 2021-yil tasdiqlangan rejaga nisbatan 3,5 trln. soʻmga yoki 17 foizga koʻp mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilmoqda.

Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinib, moliyalashtirishning yangi mexanizmi asosida ularni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllashning elektron axborot tizimi joriy etiladi. Yaʼni respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda boshqa davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni bepul davolanish (tibbiy yoʻllanma) xarajatlari uchun 589,0 mlrd.soʻmdan ziyod mablagʻ koʻzda tutilib, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi va tibbiyot tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq bemorlarning davolanish xarajatlari toʻliq qoplanadi.

Taʼkidlanganidek, Prezidentimizning qarorlariga muvofiq 2022-yilda 260 ming gektar qishloq xoʻjaligi ekinlari maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish belgilangan boʻlib, mazkur tadbirlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash uchun subsidiyalar berishga davlat byudjetidan 1,2 trln. soʻm mablagʻ ajratish koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, joriy yilda yangi tashkil etilgan Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tizimini saqlash xarajatlariga 146 mlrd soʻm, mazkur agentlik tomonidan amalga oshiriladigan zararkunandalarga qarshi kurashish hamda favqulodda holatlarda hosilni saqlab qolish tadbirlariga 50 mlrd soʻm ajratish belgilanmoqda.

Qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻlgan muhokamalarda qonun loyihasining har bir moddasi deputatlar tomonidan sinchiklab oʻrganib chiqildi va tahlil qilindi.

Soliq toʻlovchilar oʻzlari toʻlayotgan soliqlardan qilinadigan xarajatlarni yoki ularning taqsimlanishida bevosita ishtirok etish amaliyoti kengaymoqda. Jumladan, respublikaning barcha tuman (shahar)larida tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini, shuningdek, tuman (shahar)lar byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasini koʻrib chiqish jarayonida makroiqtisodiy siyosatning 2022-yil uchun asosiy yoʻnalishlari va koʻrsatkichlari kelgusi yilda ham makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga, fiskal ragʻbatlantirish choralarini moʻtadillashtirib borishga qaratilganini yuqori baholadi.

Yigʻilishlarda har bir vazirlik va idoralarga 2022-yilda ajratish taklif etilayotgan byudjet mablagʻlari ularga yuklatilgan vazifalar, xususan, davlat dasturlari hamda tarmoq dasturlarini oʻz vaqtida toʻliq ijrosini taʼminlash hamda samarali faoliyat yuritishi uchun yetarlilik masalasiga quyi palata qoʻmitalari eʼtibor qaratishdi.

Muhokamalar davomida byudjet xarajatlari ochiq-oshkora boʻlishi, davlat idoralari, hududlar uning har bir soʻmini oqilona, tizimli ravishda sarflashi zarurligi taʼkidlanib, byudjetdan mablagʻ oluvchi tashkilotlarda moliyaviy intizomga rioya etilishi yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?