2021-yilgi Davlat byudjet loyihasi: Fraksiyalar qatʼiy pozitsiya va takliflarni ilgari surishdi

18:32 24 Noyabr 2020 Siyosat
243 0

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

Davlat byudjet loyihasiga fraksiyalar ham oʻz munosabatlarini bildirishdi.

Aktam HAITOV, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari:

— Bizning fikrimizcha, 2021-yilgi Byudjetnoma loyihasida oʻz aksini topgan parametrlarning toʻlaqonli bajarilishi nafaqat iqtisodiyotimiz, balki jamiyatimiz hayotida ijobiy oʻzgarishlar yuz berishi uchun muhim zamin yaratadi. Shu boisdan, byudjet loyihasida koʻzda tutilgan ushbu koʻrsatkichlarning markazda va joylarda toʻlaqonli bajarilishidan vazirlik va idoralar bilan bir qatorda, biz, deputatlar ham birdek manfaatdormiz va buning uchun masʼulmiz.

Biz ajratilayotgan byudjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanilishi, investitsiya loyihalarining, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining bajarilishi ustidan parlament nazoratini yana-da kuchaytirishni eng muhim vazifamiz, deb bilamiz. Oʻz navbatida, qonun loyihasini keyingi oʻqishlarda yana-da takomillashtirish boʻyicha oʻz takliflarimizni bildirdik.

Qayd etish joiz, saylovchilar tomonidan oʻz hududlaridagi ayrim ijtimoiy obyektlar yillar davomida investitsiya dasturiga kirmayotgani toʻgʻrisida koʻplab murojaatlar boʻladi. Shundan kelib chiqib hamda parlament nazoratini yana-da kuchaytirish, byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanish samaradorligini oshirish va natijadorligini taʼminlash maqsadida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan rejalashtirilayotgan Investitsiya dasturlarini obyektlar kesimida qonun loyihasining ilovalarida aks ettirish tavsiya etildi.

Davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini, hududlarning iqtisodiy oʻquv nuqtalari boʻlgan sohalarni qoʻllab-quvvatlashni moliyalashtirishni toʻliq va muddatli amalga oshirish lozim. Ayniqsa, tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, klasterlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash juda muhim. Bu borada kredit resurslarining maqsadli ajratilishi orqali ularni qoʻllab-quvvatlash, qonunchilikda belgilangan subsidiyalarning ajratilishi alohida nazoratga olinishi kerakligi soʻraldi.

Umuman aytganda, byudjetni qonun koʻrinishida qabul qilish, byudjetlararo munosabatlarda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash — bugungi kunning eng muhim talabi. Shu jihatdan, byudjetdan ajratilayotgan mablagʻlardan toʻgʻri foydalanish va uning natijadorligini taʼminlash, ayniqsa, bu boradagi maʼlumotlarni xalqqa ochiq-oshkora yetkazish davlat idoralari oldidagi asosiy vazifalardan biriga aylanishi lozim.

Alisher QODIROV, “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi rahbari:

— 2021-yilning byudjetini juda optimistik ruhda koʻrib chiqdik. Imkoniyatlar va xohishlar muvozanatiga erishish uchun jiddiy ishlangan.

Partiya oʻzining “Insonni oʻzgartira olmasak jamiyatimizni oʻzgartira olmaymiz” degan bosh gʻoyasidan kelib chiqib 2021-yilda ayrim masalalarga eʼtiborni kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi.

Birinchidan, davlat-xususiy sherikchilik asosida barcha maktablarda oshxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi zarur.

Kam daromadli ish ekanligidan kelib chiqib, maktab oshxonalarini yuritadigan tadbirkorlarga imtiyozlar koʻzda tutilishi muhim. Qoʻshnilarimiz 1-5 sinflarga bepul tushlik berishni yoʻlga qoʻyishdi. Biz ham oʻylab koʻrsak yomon boʻlmas edi.

Ikkinchidan, maktabgacha taʼlim sohasida keng qamrovli qurilish ishlari olib borilmoqda. Dastur asosida, bogʻcha yoshidagi bolalarning 60 foizini qamrab olish topshirigʻini taʼminlash ustida ham saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu juda yaxshi, lekin zamonaviy muassasa boʻlsayu, mazmuni boʻlmasa maqsadimizga erisha olmaymiz.

Bugun bogʻchalarda bolalarning poydevorini shakllantirayotgan pedagoglarning 20 foizga yaqini oliy maʼlumotli, xolos. Ular ham 1—1,2 mln.soʻm atrofida maosh olishmoqda. Muammolarga toʻla tarbiyachini bolaga mehr koʻrsatishiga ishonish qiyin. Bogʻchada bola agressiv munosabat koʻrdi, degani 10-15 yildan keyin jamiyatda agressiv kayfiyat kafolatlanadi, degani. Prezidentimiz tomonidan bekorga maktabgacha taʼlimga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani yoʻq. Chunki bu davr poydevor davr. Poydevor mustahkam boʻlmasa uning ustiga qurilgan bino mustahkam boʻlmaydi.

Maktabgacha taʼlim tizimini professional pedagoglar bilan taʼminlash va ularning qadrini koʻtarish masalasini jiddiy oʻylashimiz kerak.

Muhokamalarda yana bir taklifni ilgari surdik. Chunonchi, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “El-yurt umidi” fondi mamlakatimizga qisqa muddatlarda saviyali kadrlarni yetkazib berishi kerak. Bu fondni yetarlicha moliyalashtirish lozim, deb hisoblaymiz.

Zuhra IBRAGIMOVA, “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi:

— Fraksiyamiz deputatlari Byudjetnoma loyihasini qabul qilishda bir qator yoʻnalishlarga eʼtiborni kuchaytirish zarur, deb hisoblaydi. Chunonchi, joylarda byudjet mablagʻlaridan samarali va oqilona foydalanish, qonun buzilishlarini oldini olish maqsadida mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan manbasi aniq boʻlmagan tadbirlarni va parallel loyihalashtirish, tender savdolarini oʻtkazmasdan turib, qurilish va taʼmirlash ishlarini moliyalashtirishni cheklashni qonun bilan mustahkamlab qoʻyish maqsadga muvofiq.

Bugun qayd etish kerak, tibbiyotning birlamchi boʻgʻiniga katta eʼtibor qaratilayotir. Bu bejiz emas. Chunki aynan ushbu tizim rivojlansa, butun sogʻliqni saqlash tizimida yuksalish boʻladi. Shu bois, Davlat byudjetida birlamchi tibbiyot muassasalariga ajratilayotgan mablagʻlarni umumiy tarzda emas, balki aniq yoʻnalishlar asosida belgilash va ushbu mablagʻlardan maqsadli foydalanishni taʼminlash ayni muddao.

Bundan tashqari, byudjetdan mablagʻ oluvchilarning hisobdorligini oshirish va bu borada yana-da shaffof tizim yaratish maqsadida byudjetdan mablagʻ oluvchilarning rasmiy veb-saytlarida ularning moliyaviy hisobotlarini joylashtirib borish toʻgʻrisidagi talabga bugungi kunda yetarli eʼtibor qaratilmayapti. Vaholanki, barcha byudjet tashkilotlarining ushbu talabga toʻliq rioya qilinishiga erishish juda muhimdir. Chunki bu kelajakda byudjet intizomini mustahkamlashga, byudjet mablagʻlarining sarflanishi borasidagi shaffoflikni taʼminlashga, korrupsiyaning oldini olishga, qolaversa, byudjet ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga xizmat qiladi.

Ulugʻbek INOYATOV, OʻzXDP fraksiyasi rahbari:

— Yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlarining oʻsishini taʼminlash, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish 2021-yilda Davlat byudjetining asosiy yoʻnalishlari sifatida belgilanmoqda. Ayniqsa, byudjet xarajatlarida chin yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash xarajatlarini koʻpaytirish, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari pedagog xodimlarining sinf rahbarligi uchun ustama toʻlovlarini 1,5 barobarga oshirish, sogʻliqni saqlash tizimida koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish uchun mablagʻlar ajratilayotganini alohida eʼtirof etishimiz joiz.

2021-yil uchun moʻljallangan pandemiyadan keyingi tiklanish davrida Davlat byudjeti loyihasining ijtimoiy ahamiyatini hisobga olib, fraksiyamiz aʼzolari byudjet loyihasiga bir qator yoʻnalishlarda taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Chunonchi, byudjet ijrosi boʻyicha nazoratning yangi mexanizmlarini joriy etish, byudjet ijrosi haqidagi axborot va maʼlumotlar soha hamda tarmoqlar darajasida ochiq boʻlishi, buning uchun jamoatchilik nazoratiga sharoit yaratish zarur.

Shuningdek, Byudjet ijrosida kamomad va samarasiz xarajatlarini oldini olishning huquqiy asosini yaratish maqsadida “Davlat moliyaviy nazorati toʻgʻrisi”dagi qonunni qabul qilish lozim. Bu qonun loyihasini ishlab chiqish masalasi “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida koʻzda tutilgan edi.

Bundan tashqari, fraksiyamiz xalq taʼlimi tizimidagi muassasalarni jihozlash uchun byudjet loyihasida koʻzda tutilgan mablagʻni 2 barobarga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

Ayni chogʻda umumtaʼlim muassasalari xodimlarini ragʻbatlantirish boʻyicha direktor jamgʻarmasiga kelgusi yil uchun ajratilishi koʻzda tutilayotgan mablagʻlarning tahliliga eʼtiborni qaratish boʻyicha takliflarimizni bildirdik.

Abdurahim QURBONOV, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzosi:

— Muhokamadagi qonun loyihasida pandemiya sharoitida 2021-yilda byudjet siyosatini takomillashtirish, byudjetlararo munosabatlarni yana-da mustahkamlash, fuqarolar turmush darajasini oshirish, aholining muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlashda shaffof va manzilli tizimni yaratish, ish haqi va boshqa toʻlovlarning inflyatsiyaga taʼsirini baholash asosida tabaqalashtirilgan holda oshirish yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlarni davom ettirish koʻzda tutilmoqda.

Oʻz navbatida, loyihada belgilab berilgan 2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetining jamlanma parametrlari hamda 2022 — 2023-yillarga byudjet moʻljallari yuzasidan fraksiyamiz tomonidan qator takliflar bildirildi. Jumladan, Davlat byudjeti umumiy xarajatlarida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga ajratilayotgan mablagʻlar ulushini yana-da oshirish choralarni koʻrish hamda ajratilayotgan mablagʻlardan samarali va maqsadli foydalanish boʻyicha parlament va jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish, aholi, ayniqsa, qishloq joylardagi aholining toza ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash va hududlarda kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish maqsadga muvofiq. “Insonlar uchun shahar” va “yashil shahar” modellarining elementlarini qoʻllagan holda hududlarni obodonlashtirishni amalga oshirish, “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish maqsadlariga erishish uchun investitsiyalarni jalb qilish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, suvni tejaydigan, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun ajratiladigan mablagʻlar miqdorini oshirish masalasini koʻrib chiqish ham ayni zaruratdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?