2021-yilda 7 millionga yaqin isteʼmolchiga, 150 milliard soʻmdan ziyod zarar yetkazilgan

15:12 20 Yanvar 2022 Iqtisodiyot
442 0

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori oʻrinbosari Aʼzam Qurbonov maʼlum qildi.

Oʻtgan 2021-yilda Agentlik faoliyati ustuvor ravishda mamlakatimizda isteʼmolchilar huquqlarining taʼminlanganlik darajasini oshirish, tadbirkorlik va isteʼmolchilik madaniyatini takomillashtirish hamda bu borada jamoatchilik ishtiroki va rolini mustahkamlashga qaratildi.

Oʻtgan yilda isteʼmolchilar oʻz huquqlari buzilishi yuzasidan Agentlikka 26 249 ta shikoyat bilan murojaat qilgan. Murojaatlarni koʻrib chiqish va oʻtkazilgan oʻrganishlarda 7 mln nafarga yaqin isteʼmolchilarning huquqlari buzilganligi hamda ularga 150 mlrd. soʻmdan ortiq miqdorda zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Koʻrib chiqilgan murojaatlarning 81 foizi qanoatlantirilgan va huquqiy yordam berish orqali hal etildi.

Xususan, aholining kommunal sohaga oid muammolari boʻyicha avgust-dekabr oylarida joylarda qabul qilingan 3 960 nafar isteʼmolchining 59,7 foiz muammosi joyida hal qilingan, 38 foizi boʻyicha tegishli huquqiy tushuntirish berildi.

Aholi va tadbirkorlarning isteʼmol madaniyati hamda huquqiy bilimini oshirish maqsadida 531 ta tadbir tashkil qilindi, OAVda turli mavzularda jami 4 568 ta material va huquqiy axborot joylashtirildi.

Xususan, “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” va 15-mart – Butunjahon isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish kuniga va aprel oyida “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligining yigirma besh yilligiga bagʻishlangan keng qamrovli maʼrifiy ishlar tashkil etildi. Respublika hududlaridagi 199 ta maktab va oliy taʼlim muassalarida 15,7 ming nafar yoshlar uchun “Isteʼmolchi raqamli makonda”, “Oqilona isteʼmol” mavzularida taqdimot tadbirlari oʻtkazildi.

Xuddi shuningdek, 11-noyabr – Butunjahon sifat kuniga bagʻishlab respublikadagi 149 ta oʻrta maxsus taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablarida seminar va oʻqishlar, yoshlar bilan uchrashuv tashkil qilindi, tadbirlarda 7488 nafar oʻquvchi yoshlar uchun “Sifat yangi imkoniyatlarni ochib beradi”, “Biz sifat tarafdorimiz” mavzularida taqdimot (prezentatsiya) oʻtildi.

Mahalla, Xalq qabulxonalari, Davlat xizmatlari markazlari, kommunal, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, taʼlim muassasalariga 10 055 ta maxsus plakatlar joylashtirildi, aholi va yoshlarga 605 ta maxsus broshyuralar tarqatildi.

Agentlikning internetdagi rasmiy veb-sayti (www.consumer.uz) va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali faoliyatga oid materiallar va huquqiy axborotlar bilan birga isteʼmolchilar uchun zarur boʻlgan maʼlumot va tavsiyalardan iborat boʻlgan maʼlumotlar joylashtirib kelinmoqda.

Amaldagi 40 ta normativ-huquqiy hujjatlar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida xatlovdan oʻtkazildi, boshqa vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 102 ta hujjat loyihalarining isteʼmolchilarga taʼsiri baholandi, tegishli xulosa va takliflar berildi. 2 ta qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqilib, Senatga kiritildi. Shundan, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bugungi kunda qabul qilindi.

Ichki bozorlarda sifatsiz va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlar sotilishini aniqlash maqsadida, tovarlar nazorat xaridini va ularni sinovdan oʻtkazish davom ettirildi.

Aholi va keng jamoatchilikni tovarlar sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida doimiy ravishda xabardor qilib borish maqsadida 2021-yil yanvar oyidan boshlab “Toshkent” telekanalida “Sifat nazorati” telekoʻrsatuvi tashkil qilindi. Agentlik tomonidan va “Sifat nazorati” telekoʻrsatuvi bilan hamkorlikda jami 182 nomdagi (49 turdagi) mahsulotlarning nazorat xaridi amalga oshirilgan hamda ularning ekspertizasi natijalarida 43 nomdagi mahsulot normativ-texnik hujjatlar talablariga nomuvofiqligi aniqlangan. Shundan, 10 ta korxonaga berilgan muvofiqlik sertifikati vakolatli organ tomonidan bekor qilingan.

Isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlar, Agentlik ish rejasi va boshqa idoralar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida oʻtkazilgan 826 ta oʻrganish va tahlillarda isteʼmolchilardan jami 127 mlrd soʻm miqdorida ortiqcha haq olingani aniqlandi.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi yuzasidan 337 ta subyektga ish qoʻzgʻatilib, qonunbuzilishi holatlarini tugatish yuzasidan koʻrsatma berilgan. 44 nafar huquqbuzarlarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sudlarga yuborilgan va 32 nafar shaxsga nisbatan jami 12,4 mln soʻm miqdorida maʼmuriy jarima belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan agentlik faoliyati oʻrganildi va ushbu qoʻmitada Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktorining oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti tinglandi.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish masalalari boʻyicha 17 ta xalqaro tadbirlarda ishtirok etildi, shuningdek 1 ta xalqaro loyiha yakunlangan, 2 ta oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan va 3 ta trening oʻtkazildi.

Koreya isteʼmolchilar agentligi (Korea Consumer Agency) bilan hamkorlikda va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan ajratilgan 50,0 ming AQD dollari miqdoridagi grant doirasida “Oʻzbekistonda isteʼmolchilar murojaatlari bilan ishlashni ixtisoslashtirish va takomillashtirish" 6 oylik loyiha amalga oshirildi. Koreya isteʼmolchilar agentligi bilan Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi oʻrtasida Anglashuv memorandumi masofaviy tarzda imzolandi va kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Agentlik tomonidan YUNKTAD, Xalqaro moliyaviy isteʼmolchilar akademiyasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Monopoliyaga qarshi siyosat boʻyicha davlatlararo kengash va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tashkil qilingan tadbirlarda, “8-Osiyo isteʼmolchilar siyosati forumi”da onlayn ravishda ishtirok etildi.

German Sparkassenstiftung for International Cooperation (Germaniya) tashkiloti bilan hamkorlikda 2021-2023-yillarga moʻljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi ijrosini va moliyaviy sektorda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida “Masʼuliyatli moliya” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Kelishuvlar doirasida oktyabr oyida Agentlikning 30 dan ortiq xodimlari uchun 3 hafta davomida germaniyalik ekspertlar tomonidan interaktiv kommunikatsiya (muloqot) usullari boʻyicha oʻquv-amaliy seminarlar tashkil etildi.

2021-yil 21-dekabr kuni Agentlik bilan Xalqaro hamkorlik boʻyicha German Sparkassenstiftung tashkiloti bilan anglashuv memorandumi va oʻquv fondini tuzish toʻgʻrisida birgalikdagi bayonnoma imzolandi. Loyiha doirasida olib boriladigan oʻqitish va malaka oshirish tadbirlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Agentlikka 60,0 ming yevro miqdorida maqsadli grant mablagʻi ajratildi.

Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida Agentlikka (86, 134, 135-bandlar) belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amaliy choralar koʻrildi.

Xususan, Isteʼmolchilar huquqi ustuvorligini taʼminlagan tadbirkorlik subyektlarini baholash va reytingini tuzish tartibi (metodikasi) ishlab chiqildi.

Shuningdek, isteʼmolchilar uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi “Smart consumer” axborot tizimi Agentlikning www.smart.consumer.uz veb-saytida ishga tushirildi. Tizim orqali isteʼmolchilar onlayn tarzda murojaatlarni yuborish va mutaxassislardan maslahat olish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin.

Agentlik oʻziga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda murojaatlar bilan ishlashning qamrov darajasini kengaytirish, tovarlar (ish, xizmatlar) sifatli va xavfsiz boʻlishini taʼminlash, aholining isteʼmolchilik bilimi va huquqiy savodxonligini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va isteʼmolchilarning axborot xabardorligini oshirishga qaratilgan interaktiv xizmatlarni joriy qilish, yoshlar oʻrtasida oqilona isteʼmol usullarini keng targʻib qilish, normativ-huquqiy bazani mustahkamlash va boshqa yoʻnalishlarda ishlarni davom ettiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер