2021-yilda 15 milliard dollarlik eksport amalga oshirilishi kutilmoqda

20:02 23 Dekabr 2020 Siyosat
573 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni investitsiyalar va tashqi savdo sohasidagi ishlar natijadorligi hamda 2021-yilga moʻljallangan asosiy vazifalar muhokamasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Ayniqsa, eksport va investitsiya jarayonlarida turli qiyinchiliklar yuzaga keldi.

Mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha oldindan koʻrilgan choralar oʻz natijasini berdi. Joriy yilda 6,6 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar oʻzlashtirildi. Shuningdek, yil yakuni boʻyicha 15 milliard dollarlik eksport amalga oshirilishi kutilmoqda.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari 2021-yil ham iqtisodiyot uchun oson boʻlmasligini, shu bois investitsiyalar jalb qilish, oʻzlashtirish va eksport prognozlarini taʼminlash, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun hozirdanoq aniq, manzilli choralar koʻrish zarurligini taʼkidladi.

Kelgusi yili 7,5 milliard dollardan ziyod toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish maqsad qilingan. Yigʻilishda ushbu mablagʻni har bir loyiha boʻyicha toʻliq va muddatida oʻzlashtirish chora-tadbirlari belgilandi. Bunday sarmoyalar hisobiga 226 ta yirik loyihani oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha aniq choralarni koʻrish topshirildi.

Shuningdek, 69 ta istiqbolli yangi sanoat loyihasini sifatli amalga oshirib, iqtisodiyot oʻsishiga qoʻshimcha zaxira yaratish vazifasi qoʻyildi.

Bunda asosiy drayver sohalar boʻlgan kimyo, energetika, mashinosozlik, geologiya, elektrotexnika, farmatsevtika va yengil sanoat tarmoqlariga alohida eʼtibor qaratiladi.

1-yanvardan boshlab, xalqaro moliya institutlari kredit mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha yangi tizim joriy etish, har bir loyihada belgilangan mablagʻlarni samarali oʻzlashtirish va natijadorligini taʼminlash maqsadida “Loyiha ofislari” rahbar va xodimlari malakasini oshirish va ularni oʻqitish muhimligi taʼkidlandi.

Kelgusi yili eksport hajmi 17 milliard dollar atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga eksport shartnomalarini hozirdanoq tuzish, 1-yanvardan Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan eksportoldi moliyalashtirish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri hamda uning oʻrinbosarlari ushbu vazifalarni bajarish boʻyicha rejalari yuzasidan axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?