2021-yil soliq siyosatida qanday oʻzgarishlar boʻladi?

21:25 01 Dekabr 2020 Siyosat
597 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 1-dekabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida “2021-yil uchun soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar hukmiga birinchi oʻqishda havola etildi.

Mazkur qonun loyihasi 2021-yilgi soliq siyosatini takomillashtirish, shuningdek mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, soliq maʼmurchiligi samaradorligini yana-da oshirish va byudjetga soliqlarning toʻliq tushishini taʼminlashga qaratilgandir.

Xususan, qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi normalarini toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishini taʼminlash maqsadida, qatʼiy belgilangan miqdorda oʻrnatilgan aksiz soligʻi, yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkalarini oʻrnatish koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, QQS (15%), foyda soligʻi (15%, ayrim toifalar uchun 20%), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (12%), yuridik shaxslarning mol-mulk soligʻi (2%), qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yer soligʻi (0,95%), ijtimoiy soliq (xoʻjalik yurituvchi subyektlar - 12% va byudjet tashkilotlari - 25%), aylanmadan olinadigan soliq (bazaviy stavka 4%) stavkalarini saqlab qolish taklif etilmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasida soliq majburiyatlarining bajarilishi boʻyicha tegishli huquqiy munosabatlarning aniq qilib belgilanishi iqtisodiyot tarmoqlarini bir maromda rivojlantirish, davlat byudjetiga tushumlarning barqarorligini taʼminlash, pirovardida xalq farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?