2021-yil AQSHda boburiylar tarixi va madaniy merosiga bagʻishlangan koʻrgazma tashkil etiladi

14:14 18 Noyabr 2020 Dunyo
234 0

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Smitson Osiyo sanʼati milliy muzeyi Frir va Sakler sanʼat galereyalari direktorining katta oʻrinbosari Masume Farhod bilan videokonferensaloqa shaklida muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Masume Farhod Oʻzbekiston Prezidentining Frir va Sakler sanʼat galereyalariga tashrifini samimiyat bilan esga oldi va mazkur tashrif muzey tarixidagi muhim voqea boʻlganini taʼkidladi.

«Oʻzbekiston Prezidentiga oʻz kolleksiyalarimizni taqdim etish biz uchun katta sharaf boʻldi va menda davlat rahbari tomonidan ikat tarixiy ildizlari va Markaziy Osiyoning qadimiy asoori-atiqalariga berilgan ahamiyat katta taassurot qoldirdi», - dedi u.

Frir va Sakler galereyalari 1846-yil tashkil etilgan Smitson institutining tarkibiy qismi hisoblanadi. Institut Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi 20 ga yaqin muzey va majmuani birlashtirgan dunyodagi eng yirik tadqiqot va taʼlim muassasalaridan biridir.

Masume Farhod Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan, Oʻzbekiston bilan samarali hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdorligini izhor qildi. Uning soʻzlariga koʻra, Amerika tomoni oʻzbek xalqining boy madaniyati va bebaho madaniy merosini keng jamoatchilik orasida targʻib qilish boʻyicha yaqin hamkorlikka intilmoqda.

Uchrashuvda 2021-yil Vashingtonda boburiylar sulolasi va ularning jahon sivilizatsiyasi rivojidagi roliga bagʻishlangan koʻrgazmani tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Masume Farhod Oʻzbekistonning ushbu tadbirda faol ishtirok etish, shu jumladan koʻrgazma tarkibini mamlakatimizdan yetkazib beriladigan eksponatlar va ilmiy asarlar bilan toʻldirishga tayyorligini mamnuniyat bilan olqishladi.

Koʻrgazma doirasida boburiylar sulolasi (1526-1857-yillar), “Boburnoma” kitobi, Boburning sanʼat rivoji va ragʻbatlantirishidagi oʻrni, oʻsha davr rasmlari, Frir va Sakler galereyalari toʻplamlaridagi qoʻlyozmalar, shuningdek, hukmdorlarga tegishli tarixiy hujjatlar va ular yaratgan bogʻlar meʼmorchiligiga asosiy eʼtibor qaratilishi rejalashtirilmoqda.

Tadbir doirasida, shuningdek, Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va zamonaviy taraqqiyotiga bagʻishlangan alohida taqdimot tashkil etish koʻzda tutilgan. Oʻzbek xalqining buyuk mutafakkirlari ilmiy merosini chuqur oʻrganish, bagʻrikeng islom dinini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻzgarishlarning mohiyati va ahamiyatini ochib berish ham maqsad qilingan.

Masume Farhod boʻlajak koʻrgazmaning muhimligini taʼkidlab, “mamlakat tarixini bilish uning zamonaviy taraqqiyotini yana-da chuqurroq anglashga yordam beradi”, - deb qayd etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?