2020-yil va 2021-yilning I choragi yakuni boʻyicha Davlat byudjeti ijrosi toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi hisobotlari muhokama qilindi

13:36 28 May 2021 Iqtisodiyot
513 0

2021-yil 28-may kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil va 2021-yilning birinchi choragi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlari muhokama qilindi.

Taʼkidlangandek, karantin tadbirlari munosabati bilan respublikamiz iqtisodiyoti oʻsishi 2020-yil yakuni bilan 2019-yilga nisbatan 1,6 foizga sekinlashib, YAIM hajmi 580,2 trln soʻmni tashkil etgan. 2021-yilning I choragida YAIM oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 3 foizga oʻsgan.

2020-yilda inflyatsiya darajasi belgilangan 12,5-13,0 foizli prognoz parametrlaridan past boʻlib, 11,1 foizni, 2021-yilning I-choragida

10,9 foizni tashkil etgan.

Davlat byudjeti daromadlari 2020-yilda 132,9 trln soʻmni tashkil etib, belgilangan 128,7 trln soʻm prognoz 103,3 foizga yoki 4 192 mlrd soʻmga oshirib bajarilgan yoki 2019-yilga nisbatan esa 20,8 trln soʻmga oʻsgan.

2021-yilning I choragida Davlat byudjeti daromadlari belgilangan 31,9 trln soʻm prognozi amalda 33,9 trln soʻmga yoki 2,0 trln soʻmga (106 foiz) oshirib bajarilgan. Daromadlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 trln soʻmga koʻpaygan.

Mahalliy byudjetlar 2020-yil daromadlari 27 trln 702,9 mlrd soʻmni yoki aniqlashtirilgan prognozga nisbatan 110,9 foizni tashkil qilgan.

2021-yilning I choragida mahalliy byudjetlarning daromadlar qismi prognozga nisbatan 116 foizga (1,1 trln soʻmga ortiq) bajarilib 7,9 trln soʻmni, xarajatlar esa rejaga nisbatan 94,7 foizga ijro etilib, 10, 9 trln soʻmni tashkil etgan.

Davlat byudjetining 2020-yildagi xarajatlari 100 foizga taʼminlanib, 144,1 trln soʻmni yoki YAIM ga nisbatan 24,8 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilning I choragida 34,1 trln soʻm yoki YAIM ga nisbatan 26,6 foiz boʻlgan.

2020-yilda ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 74, 2 trln soʻm yoki umumiy xarajatlarning 51,5 foizi miqdorida, 2021-yilning I choragida esa 18,2 trln soʻm (umumiy xarajatlarning 53,3 foizi) mablagʻ sarflangan.

Mahalliy byudjetlarning xarajatlari rejaga nisbatan 104,8 foizga ijro etilib, 47,2 trln soʻmni tashkil etgan.

Shuningdek, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tomonidan 2020-yil davomida 2726 ta nazorat tadbirlarida jami 309,2 mlrd soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlanib, shundan 1238 ta 223,4 mlrd soʻmlik tekshirish hujjatlari qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklarning 34,3 mlrd soʻmi tiklanishi taʼminlangan hamda profilaktika tadbirlari natijasida

165,8 mlrd soʻmlik noqonuniy toʻlovlar toʻlanishi oldi olingan.

Senat yalpi majlisi davomida hisobotlarni koʻrib chiqishda asosiy eʼtibor:

- 2020-yilgi va 2021-yilning I choragida Davlat byudjeti daromad va xarajatlarining ijrosi, ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi holati;

- soliq va bojxona idoralari tomonidan belgilangan davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishida soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha hisoblangan daromadlar, soliqlarning undiruvchanlik darajasi, soliq qarzdorligi, ortiqcha toʻlovlar;

- mahalliy byudjetlarning ijrosi va prognozdan ortiqcha tushgan daromadlardan maqsadli foydalanilishi;

- “Ochiq byudjet” portali orqali mahalliy byudjetning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan jamoatchilik fikrining hisobga olinishi holati;

- byudjet mablagʻlaridan foydalanishda yoʻl qoʻyilayotgan xato- kamchiliklar, ularning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar kabi dolzarb masalalarga va ularning yechimi qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 13-apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5072-sonli qaroriga muvofiq, barcha tuman va shaharlar hokimliklari tomonidan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga mablagʻlarni yoʻnaltirish hamda ushbu mablagʻlarni boshqa maqsadlarda sarflanishini oldini olish maqsadida byudjetdan tashqari xisobraqam koʻrinishida (jami 205 ta) “Fuqarolar tashabbusi byudjeti” jamgʻarmasi ochilishi taʼminlandi.

Bundan tashqari, respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan eksperiment oʻtkazilayotgan 14 ta tuman va shaharlar uchun jami 92,7 mlrd. soʻm mablagʻlar tegishincha mahalliy byudjetlarga belgilangan tartibda oʻtkazib berilib, ushbu mablagʻlar “Fuqarolar tashabbusi byudjeti” jamgʻarmasiga yoʻnaltirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 22-aprelidagi “Mahalliy byudjet mablagʻlari sarflanishida jamoatchilik ishtirokini taʼminlash toʻgʻrisida”gi QQ-213-IV-sonli qaroriga asosan “Tuman (shahar) byudjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisida Namunaviy Nizom” tasdiqlangan.

Ushbu namunaviy Nizom asosida barcha tuman (shahar) hokimliklari tomonidan oʻzlarining tuman (shahar) boʻyicha Nizomni shakllantirgan holda tegishincha Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga tasdiqlash vazifasi yuklatilgan.

Bugungi kunga kelib, jami 159 ta tuman va shaharlarda tegishincha Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan Namunaviy nizom asosida byudjet mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibini tasdiqlash boʻyicha qarorlar qabul qildilar. Shuningdek, 46 ta tuman va shaharlarda mazkur Nizomni tasdiqlash boʻyicha qaror loyihalarini tegishincha Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga navbatdagi sessiyada koʻrib chiqish uchun kiritilgan.

Shuningdek, mahalliy byudjetdan tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi va qoʻshimcha daromadlarining 30 foizi miqdoridagi mablagʻlar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilish va uning maqsadli sarflanishi ustidan Senat tomonidan doimiy parlament nazorati amalga oshirilishi qayd etildi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?