2020-yil Oʻzbekiston fuqaro aviatsiyasini rivojlantirishda tub burilish yili boʻladimi? — Mutasaddi tashkilotlar izoh berdi

16:28 05 Fevral 2020 Iqtisodiyot
1020 0

Soʻnggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi sohasida bugungi kunda oʻz yechimini kutib turgan dolzarb masalalar yuzasidan turli-tuman fikrlar va munosabatlar bildirilmoqda. Uzbekistan airways va Uzbekistan airports kompaniyalari rahbariyati mazkur masala yuzasidan xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan bildirilayotgan fikrlarni doimiy ravishda kuzatib bormoqda. Mazkur yoʻnalishda taklif va tanqidiy fikrlarini oʻrtaga tashlayotgan, mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi rivojiga befarq boʻlmaganlarga shu oʻrinda oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Aytib oʻtish lozimki, soʻnggi uch yilda aviatsiya bozorini liberallashtirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, sohaga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlarni zamon talablari darajasiga koʻtarish boʻyicha mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi sohasida keng koʻlamli islohotlar boshlandi. Aviatsiya bozorini liberallashtirish va raqobat muhitini tashkil etish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamizga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 2017-yilda 15 tani tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilga kelib ularning soni 23 taga yetdi.

Yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va parvozlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida soʻnggi yillarda milliy aviakompaniya parki muntazam ravishda zamonaviy “Airbus” va “Boieng” laynerlari bilan yangilab borilmoqda.

Shuningdek, ilgʻor xalqaro tajribalarni joriy etish orqali tashuvlar va aeroportlar faoliyati boʻyicha vazifalarni mustaqil korxonalarga taqsimlash borasidagi ishlar nihoyasiga yetkazildi. Barchaga maʼlumki 2019-yilning oktyabr oyida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK qayta tashkil etilib, bir-biridan mustaqil boʻlgan ikkita “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” kompaniyalariga ajratildi.

Aviatsiya bozorini yana-da liberallashtirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida 2019-yilning oktyabr oyidan eʼtiboran Qarshi, Nukus, Termiz va Buxoro xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” tartibini qoʻllagan holda, “Ochiq osmon” rejimi joriy etildi. Bu jarayonlarning boshlanganiga esa bor-yoʻgʻi endi uch oy boʻldi! Shu oʻrinda bir narsani alohida taʼkidlab oʻtish lozim, “Ochiq osmon” rejimi joriy etilishi birdaniga mamlakatimizga xorijiy reyslar sonining ortishi va parvozlar oqimining yuqori surʼatlarda koʻpayishida asosiy omil boʻlib hisoblanmaydi.

Hozirda mazkur aeroportlarga parvozlarni amalga oshirishni tashkil etish yuzasidan “Turkish airlines”, “Isra air”, “Garuda”, “Aeroflot”, “IrAero”, “S7”, “Yakutiya”, “SCAT” va boshqa bir qator xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Yuqorida sanab oʻtilgan kompaniyalar joriy yilning mart oyidan boshlab, “Ochiq osmon” rejimidan foydalangan holda Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Irkutsk, Krasnoyarsk, Olmota, Nur-Sulton, Aqtau yoʻnalishlarida parvozlarni amalga oshirishni boshlashga tayyor ekanligini maʼlum qilishdi. Shuningdek, Isroil va Turkiyaga parvozlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham muzokaralar olib borilmoqda.

Hozirda aeroportlar infratuzilmasi, uchish-qoʻnish yoʻlaklari, yoʻlovchi terminallari holati va u yerda xizmat koʻrsatish standartlari boʻyicha yaqin kelajakda hal etilishi lozim boʻlgan qator vazifalar turibdi.

Aynan aeroportlar holatini yaxshilash boʻyicha qator yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, Samarqand xalqaro aeroportida yangi yoʻlovchi terminali va uchish-qoʻnish yoʻlagining qurilishi natijasida aeroportning oʻtkazuvchanlik qobiliyati soatiga 500 nafar yoʻlovchidan 1500 nafarga qadar koʻtariladi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent aeroportining oʻtkazuvchanlik holatini optimallashtirish va rekonstruksiya qilish natijasida esa yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish qobiliyati yiliga 4 milliondan 7 millionga ortadi. Termiz xalqaro aeroportida yangi uchish-qoʻnish yoʻlagining qurilishi, Andijon aeroportining rekonstruksiya qilinishi barcha turdagi havo kemalariga xizmat koʻrsatish imkonini yaratib, amalga oshirilayotgan qatnovlar sonining 2-3 baravarga ortishiga olib keladi. Ushbu chora-tadbirlar esa oʻz navbatida xorijiy aviatashuvchilar oʻrtasida mamlakatimiz aviatsiya sohasi jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Belgilangan tadbirlarni ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan holda sifatli bajarish maqsadida Jahon Banki ekspertlari jalb etilgan boʻlib, ular mamlakatimiz aviatsiya bozorini liberallashtirish va sohada zamonaviy boshqaruv usullarini tatbiq etishga qaratilgan respublikamiz aviatsiya sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etishadi.

Aviatsiya sohasida raqobat muhitini kengaytirish, mamlakatimiz ichki yoʻnalishlari va Markaziy Osiyo mintaqasi yoʻnalishlarida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish ehtiyojlarini qondirish maqsadida yangi Humo Air aviakompaniyasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Bu mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini isloh qilish boʻyicha ishlarning faqatgina birinchi bosqichidir. Mazkur sohada boshlangan islohotlar tizimli ravishda, jadal surʼatlarda davom ettiriladi. Aynan bu yoʻnalishdagi islohotlarning jadallashtirilishi natijasida 2020-yil mamlakatimiz aviatsiya sohasida tub burilish yili boʻladi deb umid qilamiz.

Barchaga maʼlumki soʻnggi 30 yil davomida mazkur sohada deyarli hech qanday islohotlar amalga oshirilmadi. Buning oqibatida esa jiddiy muammolar toʻplanib qoldi. Soha rivojiga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagani va mutlaqo raqobat muhitining mavjud emasligi ortidan u monopoliya tamoyillari asosida rivojlandi. Tariflarning yuqoriligi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatining pastligi ham aynan shuning natijasidir.

Shu oʻrinda alohida taʼkidlab oʻtmoqchimizki sohani isloh qilishda fuqarolar va mutaxassislarning fikrlari, tavsiya va takliflari muhim ahamiyatga ega. Respublikamiz aviatsiya sanoatini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlar va jamoatchilikning faol ishtirokiga umid qilamiz.

“Uzbekistan airways” AJ, “Uzbekistan airports” AJ

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?