20 million tup gul va chechaklardan orolangan Namangan xalqaro festival mehmonlarini kutib olishga muntazir

15:08 20 May 2022 Jamiyat
814 0

Foto: Халқ сўзи

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 22-mayidan 5-iyunigacha Namanganda 61-xalqaro gullar festivali oʻtkaziladi. Yil sayin nufuzi ortib borayotgan anjumanning bu galgi tomoshalari har qachongidanda shukuhli kechishi kutilmoqda. Ayni maqsadda bayramning bosh tadbirlari oʻtadigan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻining oʻzida 10 million tupdan ziyod anvoyi gul koʻchatlari oʻtqazilib, korxona, tashkilot, muassasa va havaskor gulchilar tomonidan 200 ga yaqin tematik koʻrgazmalar yaratildi. Bundan tashqari shaharning markaziy koʻchalari boʻyi, xiyobonlar ham shuncha miqdordagi gulu chechaklar bilan bezatildi.

Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruh bogʻda boʻlib, anjumanga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi. Viloyat rahbari bayramning har bir nuqtasiga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlab, tungi chiroqlar jozibasini yanada oshirish va boshqa ayrim masalalar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

Bugun viloyat markazidagi mehmonxonalar peshtoqida festival ramzi tushirilgan bayroqlar koʻtarilgan. Ularning barchasida mamlakatimiz viloyatlari, olis va yaqin xorijdan tashrif buyuradigan mehmonlarni kutib olish uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.

Oʻziga xos nafosat sayliga aylanadigan festival 22-may kuni Namangan xalqaro aeroportidan boshlanib, shahar koʻchalarini aylanadigan, rang-barang gullarga burkangan avtokarvon paradi bilan boshlanadi.

Oldinda turgan oʻn besh kun davomida festivalga tashrifi kutilayotgan 1,5 millionga yaqin mehmonlarni gullar koʻrgazmasi, milliy oʻyinlar ustalarining qiziqarli tomoshalari, diltortar konsertlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlardan iborat rang-barang dasturlar kutib turibdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?