20-28-fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi” oʻtkaziladi

14:10 17 Fevral 2023 Jamiyat
532 0

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazi axborot xizmati rahbari Gʻulom Mirzayev maʼlum qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 7-fevraldagi qarori bilan ikkita muhim hujjat – Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

15-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha Milliy komissiya tomonidan ushbu qaror ijrosini taʼminlash doirasida – 2023-yil 20-28-fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi”ni oʻtkazish boʻyicha Dastur tasdiqlandi.

Dastur 22 ta banddan iborat. Inson huquqlari haftaligi doirasida, jumladan, brifing, matbuot anjumani va davra suhbatlari, turli tanlov va taqdimotlar, mutaxassislar bilan uchrashuvlar, ekspertlar muloqoti va ilmiy-amaliy konferensiyalar, oʻquv kurslari va kitoblar taqdimotini oʻtkazish belgilangan.

Inson huquqlari haftaligi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkaziladi. Tadbirlar mamlakatimizning butun hududida – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlarda boʻlib oʻtadi.

Xususan, tanlovlar haqida toʻxtaladigan boʻlsak, 2022-yil boʻyicha “Inson huquqlari sohasida taʼlim va tadqiqotlar” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkaziladi. Bu tadbir xalqaro hamkorlarimiz – Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha boshqarmasi bilan birgalikda tashkil etiladi.

Oʻz navbatida, “Inson huquqlari bolalar nigohida” Respublika tanloviga start beriladi. Mazkur tanlov “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda oʻtkaziladi.

Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi bilan birga “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Yurtimizning barcha turdagi taʼlim muassasalarida “Yangi Oʻzbekiston va inson huquqlari” mavzusida maʼrifiy anjumanlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar boʻlib oʻtadi.

Mahallalarda esa “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida “Prokuror va yoshlar”, “Ombudsman va yoshlar”, “Sudya va yoshlar”, “Adliya rahbari va yoshlar” kabi turli uchrashuvlar oʻtkazish moʻljallanmoqda.

Haftalik davomida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlariga inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar taqdim etiladi.

Inson huquqlari haftaligi 27-fevral – 2-mart kunlari Jenevada boʻlib oʻtadigan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 52-sessiyasi tadbirlariga tutashib ketadi. Ushbu sessiya doirasida boʻlib oʻtadigan Yuqori darajadagi segment ishida Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер