“172 ta doʻkon, 14 ta kvartira, 43 ta mashina,37 ta koʻchmas mulklar”. Bosh prokuror Jizzax viloyatining sobiq hokim oʻrinbosari orttirgan noqonuniy boyliklar haqida gapirdi

14:13 23 Aprel 2021 Jamiyat
15157 0

Bugun Oliy Majlis Senatining 14-yalpi majlisida bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev hisobot berdi.

Bosh prokurorning maʼlum qilishicha, Jizzax viloyati hokimining sobiq oʻrinbosari Akram Rahmonqulov 2018-yilda viloyat hokimi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangach, uyushgan guruh tuzib, milliardlab byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilib kelgan. Shu maqsadda qurilish sohasiga masʼul viloyat tashkilotlari rahbarligiga hamda viloyat tender komissiyasiga tanish-bilishlarini qoʻyib, ular orqali oʻzining gʻarazli maqsadlariga sharoit yaratgan.

«Akram Rahmonqulov 2018−2020-yillarda jami 494 mlrd soʻmlik 82 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlarini oʻzining rahnamoligidagi 9 ta pudrat tashkilotlariga topshirib, qurilish ishlari hajmini sunʼiy ravishda oshirilgan narxlarda rasmiylashtirish, qoʻshib yozish orqali qariyb 20 mlrd soʻmlik byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilgan. Bu hozirgacha tergovda aniqlangan holatlar.

Tergovda Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd soʻm, Jizzax shahridagi “Eski shahar” buyum bozorida qurilgan 172 ta savdo doʻkoni, koʻp qavatli uylarda 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina, 37 ta boshqa koʻchmas mulklar borligi aniqlanib, zararni undirish uchun xatlandi.

Hozirda Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda», dedi Bosh prokuror.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?