16 farzandni tugʻib, ulgʻaytirgan qahramon ona

18:44 27 Sentyabr 2022 Jamiyat
275 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona tumanining Mindon qishlogʻida yashovchi Joʻrayevlar oilasiga hammaning havasi keladi. Buning oʻziga xos sabablari bor, albatta. Gap shundaki, shu kunlarda qutlugʻ 75 yoshni qarshilayotgan oila bekasi Mamlakatxon Joʻrayeva 16 farzandni tugʻib, bekamu koʻst qilib ulgʻaytirdi.

— Rahmatli turmush oʻrtogʻim Ahronqul aka bilan 32 yil birga umrguzaronlik qildim. Afsus, 8 ta farzandimizni uyli-joyli qilganimizda, 54 yoshida bevaqt hayotdan koʻz yumdi, — deydi Mamlakat aya. — Oʻzim ham ota, ham ona boʻlib, yana 8 nafar bolalarimni hayotda oʻz oʻrnilarini topishida koʻmaklashdim.

Mamlakatxon ayaning birda quvonch, birda koʻz yoshi bilan eslashicha, turmush oʻrtogʻidan ayrilgan yili toʻngʻich oʻgʻli Ahmadjon ham 30 yoshida fojiali vafot etdi. Oʻshanda kenja farzandi bor-yoʻgʻi 6 yoshda edi. Bolalari ota mehriga toʻymay ulgʻayishdi.

Ahronqul ota uzoq yillar Mindon qishlogʻidagi katta kinoteatrni boshqargan. Qishloq naqd jannatning oʻzi, hatto kinoteatr atroflarida ham hamma mevali daraxtlardan ekilgandi. Oila aʼzolari bahorda shu kinoteatr binosi xonalarida ham ipak qurti boqishardi. Shu sababli bolalari yoshligidan mehnatga, kitob oʻqishga mehrli boʻlib tarbiyalandi.

— Bizga barchaning havasi keladi, — deydi Manzura opa. — Boisi oilaviy yigʻilsak, bir uy odam boʻlamiz. Koʻpchilikda ham oʻziga yarasha fayz, baraka boʻladi.

Oilada 9 nafar qizlarning barchamiz oʻqib, jamiyatda oʻz oʻrniimizni topishimizda ota-onamizning xizmati beqiyos. Ayniqsa, onamning ulkan sabr-bardoshi, matonatini jasoratga tenglash mumkin.

Onaxon hozirda 6 nafar kelinning mehribon qaynonasi, 40 nafar nabiraning buvijonisi hamda 18 nafar chevaraning enasi. Piru badavlat oilaning baxtiga aslo koʻz tegmasin!

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?