Yerdan oqilona foydalanish — qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirishning zaruriy sharti

15:06 19 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
446 0

Yer umummilliy boylik, eng muhim tabiiy resurs hisoblanadi. Uning hisobini aniq yuritish va samarali foydalanish qishloq xoʻjaligi, tadbirkorlik, ishlab chiqarish kabi koʻplab sohalar uchun juda muhim. Lekin tartib-intizom, hisob-kitob boʻlmagani sababli minglab gektar yerlar talon-toroj boʻlib ketgan.

Masalan, mamlakatimizda yer xatlovi oxirgi marta 40 yil oldin oʻtkazilgan. 140 ta tuman maʼmuriy chegaralari hozirgacha aniq emas. Qishloq xoʻjaligi yerlarini ajratish tartibi 20 yil oldin qabul qilingan va hozirgi islohotlar talabiga javob bermaydi.

Shu sababli sohada yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun tizimni isloh qilish boshlandi. Xususan, davlatimiz rahbarining joriy yil 7-sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi negizida Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi. Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish vazifasi mazkur agentlikka, yerlardan samarali foydalanishni taʼminlash va nazorat qilish funksiyalari Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oʻtkazildi.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda yangi tizim asosida ishni tashkil etish uchun birinchi galda yer hisobini joyiga qoʻyib, toʻliq shakllantirib olish zarurligi taʼkidlandi.

Inchunin, bugungi kunda 340 mingta obyektning kadastr qiymati belgilanmagan. Shundan 200 mingdan ziyod obyekt boʻyicha soliq hisoblanmayapti. Qolaversa, 1 milliondan ortiq uy-joyning kadastr hujjati yoʻq. Shu jihatdan koʻchmas mulk kadastri hisobini toʻliq shakllantirish zarur. Bu soliq solish bazasini kengaytirishda gʻoyat muhimdir. Zero, undan keladigan mablagʻlar toʻliq mahalliy byudjetga tushadi va ular hisobidan ijtimoiy masalalarni hal etish mumkin boʻladi.

Yana bir muhim jihat. Hozirgi paytda yer soligʻi hisoblash tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish ham hayotiy zaruratdir. Sababi viloyat markazlariga yaqin, suv taʼminoti yaxshi boʻlgan hududlarda ham, hosildorligi past joylarda ham yer soligʻi deyarli bir xilda hisoblanadi. Shu jihatdan yerlarning haqiqiy qiymatidan kelib chiqib soliq hisoblash, bunda oshirilgan va kamaytirilgan koeffitsiyentlarni qoʻllash tizimini joriy etish lozim boʻladi.

Videoselektor yigʻilishida yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazmaslik yoki yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish muammosiga ham toʻxtalib oʻtildi. Chunki joriy yilda 50 mingga yaqin holatda 11 ming 200 gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallangan. Shundan 3 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan.

Davlatimiz rahbari yerdan unumli foydalanish, soha ravnaqiga toʻsiq boʻlayotgan kamchiliklarni uzil-kesil bartaraf qilishga qaratilgan ustuvor vazifalarni aniq belgilab berdiki, bu oʻz navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Xalq vakillarining joylarda doimiy nazorat hamda monitoringni olib borishi albatta, qishloq xoʻjaligi sohasidagi islohotlarning hayotiyligini taʼminlaydi.

“Yeri boyning eli boy”, deydi xalqimiz. Shu maʼnoda, mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi uchun, avvalo, yerni uvol qilmay, rizqu roʻz undirishda hafsalasiz hamda sust kayfiyatdan toʻla xalos boʻlmoq lozim. Toki, yerning umri zoye ketmasin, bozorlarimizdagi fayzu barakaga putur yetmasin.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, yerning har qarichi — oltinga teng. Demak, inson yashashi, rizq topishi, turmushini farovon qilish uchun undan unumli foydalanmogʻi lozim. Zero, hamma vaqt tiriklik manbai boʻlib kelgan yerdan oqilona foydalanish qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirishning zaruriy sharti, farovon hayotimizning mustahkam poydevoridir.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?