121 ta vazirlik va idoralar ayrim xarajatlari haqidagi maʼlumotlarni ochiqlamagan

17:32 19 Oktyabr 2021 Jamiyat
270 0

Bugun Xalqaro media-xollda “Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi: Oʻzbekiston tajribasi va xorij amaliyoti” mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi rahbariyati hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Taʼkidlangandek, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirildi. Islohotlarning uzviy va mantiqiy davomi sifatida Prezidentning “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmon bilan amaldagi qonunchilik hujjatlarida mavhum boʻlgan muammoli masalalar toʻliq oʻz yechimini topdi.

Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning oktabr oyi holatiga oʻtkazilgan monitoring natijalari boʻyicha 230 ta vazirlik va idoralarning 121 tasi xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari haqidagi maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtirmagan.

Ishtirokchilarning fikriga koʻra, ochiqlikni taʼminlash sohasi nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bogʻliq, balki OAVlar bilan ishlash, moliyaviy shaffoflikni taʼminlash, qonunchilikni takomillashtirish, hattoki fuqarolar murojaatlari bilan ishlashdagi samaradorlik bilan ham baholanadi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?