109 yoshli Shahribonu momo: Bizni yoʻqlaganlar omon boʻlsin!

10:51 04 Oktyabr 2022 Jamiyat
424 0

Foto: Xalq so‘zi

Hayotimiz  keksalar bilan yanada fayzli. Ayniqsa, yoshi yuzdan oshgan tabarruk bobo va momolarimizning safimizda qoʻr toʻkib oʻtirishlari katta davlat. Mamlakatimizda kechagi kundan boshlangan “Keksalar haftaligi” doirasidagi mehr-muhabbat va oqibatga yoʻgʻrilgan tadbirlar maʼno-mazmunida ham yoshi ulugʻlarga ehtirom mujassamlashgan. Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanida haftalik asr bilan tengdosh hamqishloqlarni yoʻqlashdan boshlandi. Dehqonobod mahallasida umrguzaronlik qilayotgan Shahribonu momo 109 yoshni qarshilagan. Umri mehnat va farzandlar tarbiyasi bilan oʻtgan bu insonning hayot yoʻli minglarga ibrat. Uning xonadoniga sovgʻa-salomlar bilan kirib kelgan mahalla faollari va yoshlar tashrifidan boshi osmonga yetgan momo qoʻlini duoga ochdi.

— Yurtimizdan tinchlik, xonadonlardan xotirjamlik arimasin. Bizni yoʻqlaganlarning esa boshlari omon boʻlsin!

Tumanning Navroʻz mahallasida yashovchi 102 yoshli Buzahro momo Boʻtayeva, bahriobodlik Mukarramxon Aburahimovalar holidan ham xabar olinib, “Nuroniy” jamgʻarmasining tuhfalari va 900 ming soʻmdan pul mukofotlari topshirildi. Umuman olganda viloyat boʻyicha asrni ortda qoldirgan 52 nafar fuqaro munosib tarzda yoʻqlandi.

— Haftalik doirasida birgina mahalla tizimi orqali yuz mingdan ziyod keksalar va mehnat faxriylaridan xabar olish koʻzda tutilgan, — deydi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash viloyat boshqarmasi masʼul xodimi Abdurashid Boltaboyev. — Bundan tashqari mehnat jamoalari, oliy oʻquv yurtlari va boshqa jamoat tashkilotlari tomonidan 200 mingga yaqin faxriylar mehr-muruvvatdan bahramand boʻladi. Joylarda tashkil etiladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlar, yolgʻiz yashovchi qariyalarning turarjoylarini taʼmirlash, muhtoj oilalarga moddiy yordam koʻrsatish orqali koʻngillarga shodlik olib kiriladi. Keksa avlod vakillari oʻrtasida sport musobaqalari, uzoq yil umrguzaronlik qilib kelayotgan oilalar oʻrtasida “Qoʻsha qarish saodati”, nabiralarning “Bobomning aytishicha”mavzusidagi insholar tanloviga ham start berildi.

Maʼlumot uchun, kecha haftalikning birinchi kunida Namangan viloyati boʻyicha uch mingga yaqin keksalar xonadoniga tashrif buyurilib, ularga izzat-ikrom koʻrsatildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер