101 yoshida roʻzasini buzmagan bobo

12:18 04 May 2021 Jamiyat
954 0

Pirnazar bobo urush faxriysi sifatida Respublikamiz Prezidentining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmonida nazarda tutilgan tibbiy koʻrikdan oʻtish va salomatligini tiklash uchun Navoiy viloyat Koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga yotqizildi.

“Qizim, ukollaringni kechki iftorlikdan soʻng qilasan, roʻzamni buzmay, xoʻpmi!?. Men seni duo qilaman”, deb hamshirani koʻndirdi. Bobo bugun uyda, nasib etsa 20-may kuni 102 yoshiga qadam qoʻyadi. Oʻzining aytishicha, aslida yoshi bundan-da ulugʻroq, frontga joʻnashi oldidan harbiy komissariatdagi oʻris zobitga buni isbotlab ham bergan.

— Sogʻ omon qaytib kel, men senga 19 yil emas, 15 yil qilib beraman, deb koʻnmadi, — deya xotirlaydi Pirnazar Turdiyev. – Shu bilan stansiyaga(hozirgi “Navoiy” temir yoʻl bekati) qarab piyoda yoʻlga tushdik. U paytlar “Qosim shayx” maqbarasidan narisi yalanglik, stansiyagacha yantoqzor edi. Stansiyadan poyezdga oʻtqizdiyu frontga olib ketdi.

Pirnazar boboning harbiy xizmati olti yil — 1947-yilgacha davom etadi. Shundan soʻnggi ikki yili Boltiqboʻyida — “oʻrmondagi qardoshlar” bilan jangda kechgan. Bir soʻz bilan aytganda, xizmat rosa olti yil qilichning damida oʻtadi. Bu oraliqda toʻrt marta yaralanib, uyiga ikki marta qoraxat keladi. Soʻnggi yaralanish(Boltiqboʻyi)da koʻp qon yoʻqotib, harbiy xizmatdan boʻshatiladi.

— Xizmatdan qaytib, qirq yil xoʻjalikda temirchilik qildim, - deydi P. Turdiyev. – Kunduzi ustaxonada, kechasi allamahalgacha mana shu uyni qurishda ishlayman.

Pirnazar bobo toʻla qayta taʼmirlanib, ayni paytda pardozlash ishlari nihoyasiga yetkazilayotgan uyga ishora qiladi. (Taʼmirlash ishlari hokimlik tomonidan amalga oshirilmoqda.)

— Yosh ekanman, oʻzimni ayamay ishladim, - davom etadi Pirnazar bobo. – Bugun mana bularning qilayotgan ishiga ichim qisilib ketadi. Ketmonni tizzasidan baland koʻtarmaydi. Qulochkashlab urmaysanmi, deyman, yer titrasin!

Pirnazar Turdiyev ziyoratga kelgan tumandagi 15-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilariga shu yilgi dehqonchiligini koʻrsatadi. Maqtanish uchun emas, shunchaki, ularning uzoq umr koʻrishning siri nimada, degan savoliga javoban.

Chindan ham Pirnazar bobo bilan qoʻl berib salomlashgan kishi qoʻllaridagi qadoq darrov his etadi. Mehnatga, yaratuvchanlikka bogʻlangan koʻngil esa riyo va gʻirromlikdan yiroq boʻladi. Uzoq umrning muhim sirlaridan biri shu, deydi otaxon.

Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?