1000 dan ortiq loyihalarni qoʻllab-quvvatlash imkoniyati

18:01 23 Fevral 2023 Jamiyat
341 0

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini (HHT) va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining jamiyatdagi dolzarb muammolarni hal qilishda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash dasturi Parlament komissiyasi tomonidan koʻrib chiqildi.

Dasturga koʻra, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” Davlat dasturi ijrosini taʼminlash muhim vazifa sifatida belgilandi. Ushbulardan kelib chiqib, NNT hamda fuqarolik jamiyati institutlarining dastur va loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun mamlakatimiz byudjetidan 226,5 mlrd. soʻm mablagʻlar ajratilgan.

Bu, oʻz navbatida, joriy yilda NNT, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining mingdan ortiq dastur hamda loyihalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash imkoniyatini yaratadi.

Yigʻilishida ushbu yoʻnalishdagi dastur va loyihalarga ajratiladigan mablagʻlar aniq natijaga yoʻnaltirilgan byudjet tamoyili asosida ochiq tanlovlar orqali amalga oshirilishi qatiy vazifa etib belgilandi.

Xususan, davlat grantlari shaklida jamiyatda va oilada sogʻlom ijtimoiy- maʼnaviy muhitni taʼminlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish yoʻnalishlarida jamoat tashkilotlarining 17 mlrd. soʻmlik 180 dan ortiq loyihalari amalga oshiriladi.

Mazkur loyihalar xotin-qizlar va yoshlarning bandligiga koʻmaklashish, islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, hududlarni obodonlashtirish, tibbiy hamda ekologik madaniyatni yuksaltirish, yoshlarning maʼnaviy-ruhiy va intellektual salohiyatini oshirish, ularning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlarii yaratish kabi yoʻnalishlarda davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikda bajariladi.

Dasturga muvofik, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining “Jamiyatda sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlash” va “Aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish” mavzularida davlat grantlari ajratish uchun birinchi va ikkinchi tanlovlari eʼlon qilish uchun tasdiqlandi. Tanlovlar joriy yilning 27-fevralidan 31-martigacha boʻlgan muddatda oʻtkaziladi.

Davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida davlat organlarining taʼlim sifatini oshirish, madaniyat, sogʻliqni saqlash, ekologik va energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qurilish, kommunal xoʻjaligi, kambagʻallikni qisqartirish hamda bandlik kabi sohalardagi jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga hamda taʼsirchan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan buyurtmalarini moliyalashtirish uchun 18 mlrd. soʻm yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.

Davlat subsidiyasi shaklida jamoat tashkilotlarining ustav faoliyati va yillik ish rejasini bajarishga 191 mlrd. 490 mln. soʻm ajratish belgilandi. Natijada nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlari himoya qilinishi kafolatlanadi, ularni maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy-madaniy hamda gumanitar qoʻllab-quvvatlash ishlari tashkil etiladi.

Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyati aholiga, xorijiy “aql markaz”lariga yetkaziladi. Demokratik islohotlar ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati yanada kuchaytiriladi. Shuningdek, NNT va fuqarolik jamiyatining institutlari iqtidorli yoshlarni ragʻbatlantirish, ularni raqamli texnologiyalarga keng jalb qilish, aholining huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirishga jalb qilinadi.

Subsidiya doirasida aholini keng tadbirkorlikka jalb etish, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, ularga berilayotgan imtiyozlardan foydalanishni oʻrgatish boʻyicha ishlar tashkil etiladi.

Albatta, har qanday vazifani amalga oshirishda mustahkam moliyaviy asos bilan birga, salohiyatli kadrlar, yuksak ishonch, daxldorlik, masʼuliyat va javobgarlik hissi muhim oʻrin tutadi.

Prezidentimizning “Ijtimoy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi” qarori ijrosini taʼminlash orqali aholiga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatga ijtimoiy moslashuviga keng imkoniyatlar yaratishga erishiladi.

Yigʻilishda Parlament komissiyasi kun tartibidagi boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

«Xalq soʻzi».

Yunus Boʻriyev olgan suratlar

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?