100 ditsibelldan yuqori shovqin inson umrini qisqartiradi — mutaxassis

11:12 26 Sentyabr 2022 Dunyo
558 0

Foto: Illustrativ foto

Bugungi globallashuv davrida shovqin-surondan xoli yashash juda qiyin. Transportlar harakati, mashinalar signallari, telefonlar jarangi, musiqa sadolari… Qolaversa, yoshlar orasida yuqori chastotalarda musiqa tinglash urfga aylangan.

Buning oqibati esa ayon: JSST maʼlumotlariga koʻra, hozir dunyo boʻyicha 12-35 yosh oraligʻidagi 1 milliarddan ortiq yosh avlod vakillari eshitish qobiliyatini yoʻqotish xavfi ostida. Bunga aynan toʻyu tomoshalar, koʻngilochar tadbirlarda davomli ravishda baland ovozda musiqa eshitish sabab boʻlmoqda.

— Uzoq muddat yuqori darajadagi tovush taʼsiri ostida boʻlish eshitish qobiliyati pasayishiga olib keladi, — deydi oliy toifali shifokor Shoira Abdusattorova. — Masalan, hozirgi zamonaviy musiqa ishqibozi boʻlgan yoshlarning yigirma foizida eshitish qobiliyati sakson besh yoshli keksalar darajasiga tenglashib qolgan.

Baland tovush koʻz ravshanligi va uning reflektiv faoliyatini pasaytirishi ham aniqlangan. Qolaversa, yuqori chastotali shovqin asab tizimining zoʻriqishiga olib keladi. Oqibatda ichki toliqish va noxush kayfiyat yuzaga keladi. Bora-bora yurak faoliyatida buzilishlar kuzatiladi. Bu yurak-qon tomir kasalliklari, gipertenziya va hatto miokard infarktini keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli shovqin inson umrini qisqartiruvchi omil sifatida baholanadi.

Maʼlumki, shovqin «detsibell» (dB) birligi yordamida oʻlchanadi. Odatda, 20-30 dB shovqin inson salomatligi uchun zararsiz. Biroq 80 dB va undan yuqori oʻlchov baland tovush hisoblanadi.

30 detsibelldan ortiq shovqin esa sogʻligimizni izdan chiqarishga qodir. 150 detsibell chidab boʻlmaydigan darajada ogʻriq paydo qilsa, 180 dB darajadagi shovqin hatto metall buyumlarni ham moʻrtlashtira oladi.

Shu sababli Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti oʻrtacha shovqinning maksimal darajasi 100 detsibeldan oshmasligi kerak, deya tavsiya beradi.

Bundan tashqari, yoshlar shaxsiy audioqurilmalardan foydalanganda ham ovoz balandligini imkon qadar cheklashlari zarur. Toʻyu tantanalar, musiqa kechalari, konsertlarda esa quloqning qomatga kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadga muvofiq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?