10–11-sinflarda «Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish» hamda «Biznes va kasb-hunarga o‘qitish» yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlari joriy qilinadi

11:20 05 Fevral 2024 Jamiyat
72 0

«Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–53-son, 02.02.2024 y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich tajriba-sinov tariqasida: 

maktablarning 10–11-sinflarida tayanch o‘quv rejasi asosida o‘qitish bilan bir qatorda «Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish» hamda «Biznes va kasb-hunarga o‘qitish» yo‘nalishlari bo‘yicha ham ta’lim dasturlari joriy qilinadi;

➖«Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish» yo‘nalishi doirasida – o‘quv jarayonini tashkil etishda asosiy e’tibor aniq, tabiiy yoki xorijiy til fanlariga qaratiladi;
➖ «Biznes va kasb-hunarga o‘qitish» yo‘nalishi doirasida esa – o‘quvchilar ishchi yoki raqamli texnologiyalarga oid kasblarga o‘qitiladi.

2024/2025 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich maktablarda xorijiy tillarni o‘qitishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

5–9-sinflarda o‘quvchilarda bazaviy bilim va nutqiy ko‘nikmalar shakllantiriladi;
10–11-sinflarda asosiy e’tibor o‘quvchilarning akademik yozuv va so‘zlashish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi;
«Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish» yo‘nalishi doirasida xorijiy til fanini tanlagan o‘quvchilar 10–11-sinflarda ikkinchi xorijiy tilga o‘qitiladi.

2024/2025 o‘quv yilidan xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat OTM talabalarining maktablarda pedagogik amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

«Biznes va kasb-hunarga o‘qitish» yo‘nalishi doirasida maktablarda ustaxonalar tashkil etilib, oylik ish haqi oliy ma’lumotli umumta’lim maktabi o‘qituvchisiga tenglashtirilgan «Kasbiy ta’lim ustasi» lavozimi joriy qilinadi.

Qarorga ko‘ra, maktablarning bo‘sh binolarini «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis» dasturi ishtirokchilariga amaliy monomarkazni tashkil qilish va keyinchalik o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida tekin foydalanishga berishga ruxsat etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?