1-oktyabrdan boshlab barcha hududda IT-texnikumlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi

21:09 10 Sentyabr 2021 Siyosat
935 0

Illyustrativ foto

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida IT sohasida kadrlar tayyorlash, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida taʼlim sifatini yuksaltirish boʻyicha muhim vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

Yigʻilishda qaror asosida bugungi kunda har bir hududda jami 100 ta ixtisoslashtirilgan IT-maktab faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, kelgusi ikki yilda ularning soni 205 taga yetkazilib, 30 mingdan ziyod oʻquvchilar raqamli texnologiyalarga chuqurlashgan holda oʻqitilishi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga ikki hafta muddatda ushbu maktablarning pedagoglari tarkibi, kompyuter sinfi va oʻquv dasturi bilan taʼminlanganini oʻrganib, har bir maktab kesimida reja tasdiqlash topshirigʻi berildi.

Qayd etilganidek, joriy yil 1-oktyabrdan boshlab barcha hududda 14 ta IT-texnikum faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu taʼlim dargohlarida dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi, telekommunikatsiya kabi yoʻnalishlar boʻyicha 8 mingga yaqin oʻquvchilar tahsil oladi. Hozirgi kunga qadar Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 7 ta texnikum faoliyatini boshlashga tayyor.

Lekin Qoraqalpogʻiston, Andijon, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Sirdaryo va Fargʻonada texnikumlar binosini taʼmirlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlari boshlanmagan.

Viloyat hokimlariga 1-oktyabrga qadar texnikumlarda pedagoglar tarkibi va moddiy taʼminot masalalarini hal qilib, ularni toʻliq ishga tushirish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?