1 iyuldan boshlab pensiyalar miqdori qancha boʻlishi maʼlum qilindi

11:46 10 Iyun 2021 Jamiyat
1001 0

9-iyun kuni Pensiya jamgʻarmasi tomonidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda “Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni yuzasidan maʼlumot berildi.

Unga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan boshlab:

1) Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiya hisoblash bazaviy miqdorining
20 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy etilmoqda;

Yaʼni bugungi kunda belgilangan eng kam yoshga doir pensiya miqdori 513 350 soʻm va undan kam pensiya oluvchilarning barchasiga pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida (262 470 soʻm ×20%=52 494 soʻm) pensiyasiga qoʻshib toʻlab beriladi.

Shuningdek, ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi pensiyalarning eng kam miqdori yuqoridagi qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda 400 000 soʻmga yetkaziladi;

Amalda toʻliqsiz yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning 50 foizi (256 675 soʻm)dan kam boʻlmagan miqdorda tayinlanadi.

2) Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik boʻyicha pensiya miqdori 565 000 soʻmga yetkaziladi;

Bunda, pensiya tayinlash uchun talab etilgan ish stajiga (ayollar
20 yil, erkaklar 25 yil) ega boʻlgan hamda bugungi kunda 513 350 soʻmdan 564 999 soʻmgacha pensiya oluvchi shaxslarning pensiyalari
565 000 soʻmga yetkaziladi.

Yaʼni, hozirgi kundagi pensiya miqdoridan kelib chiqib mutanosib ravishda pensiya summalari 1 soʻmdan 50 ming soʻmgacha oshiriladi. Natijada 442 ming nafar shaxsning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinadi va ushbu maqsadlar uchun joriy yilda qoʻshimcha 64 mlrd. soʻm ajratiladi.

3) Zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 soʻmdan 400 000 soʻmga oshiriladi.

Bunda, I - guruh boʻyicha nogironlik nafaqalari 430,6 ming soʻmdan 465,6 ming soʻmga oshiriladi.

Maʼlumot uchun. I - guruh boʻyicha nogironlik nafaqalarini oluvchilarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil
12-iyuldagi PF-5765-son Farmoniga asosan har oyda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 25 foizi (65 618 soʻm) miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy qilingan.

Mazkur amaliyot joriy etilishi natijasida 85 ming nafar shaxsning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinadi va joriy yilda qoʻshimcha xarajat 18 mlrd. soʻmni tashkil etadi.

4) Boquvchisini yoʻqotganlik uchun pensiya oluvchi oilalarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 675 soʻmdan 400 000 soʻmga oshiriladi hamda keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga asosan toʻlanadi.

Yaʼni, amalda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi mehnatga qobiliyatsiz har bir oila aʼzosi uchun belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning 50 foizi (256 675 soʻm)dan kam boʻlmagan miqdorda, tayinlanishi koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, pensiya oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi (52 494 soʻm) miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy etiladi.

5) Boquvchisini yoʻqotganlik uchun nafaqa oluvchi oilalarning barcha aʼzolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori 400 ming soʻm va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun 150 ming soʻm belgilanadi.

Amalda nafaqa summasi mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi soniga qarab eng kam yoshga doir pensiya miqdoriga nisbatan bir nafar oila aʼzosi uchun 50 foiz (256 675 soʻm), ikki nafar oila aʼzosi uchun 75 foiz (385 012 soʻm), uch va undan ortiq oila aʼzosi uchun 100 foiz (513 350 soʻm) miqdorida belgilanadi hamda har bir oila aʼzosi uchun 50 ming soʻmdan un va qolipli non uchun kompensatsiya toʻlanadi. Bunda, oiladagi uchdan ortiq farzandi uchun nafaqa miqdori uch nafar oila aʼzosi uchun belgilangan miqdor bilan bir xil.

6) Bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 350 soʻmdan 565 000 soʻmgacha oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?