“Davlat subsidiyasi mablagʻlarining taqsimlanishida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan” — “Firdavs Abduxoliqov ishi” Bosh prokuraturaga yuborildi

18:02 24 Yanvar 2022 Jamiyat
850 0

Foto: Wikipedia

Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi tomonidan Kun.uz axborot nashrida “Sabriya” mashmashasi: serialdagi behayo sahna mavzusi Firdavs Abduxaliqov shaxsiga ulanib ketdi” sarlavha ostida tarqalgan maqola yuzasidan manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilganligi va affillanganlik holatlari boʻyicha oʻrganish oʻtkazildi.

Oʻrganish natijalariga koʻra, Kinematografiya agentligi tomonidan shartnomalar tuzilishida va davlat subsidiyasi mablagʻlarining taqsimlanishida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilganligi holatlari aniqlangan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

"Xususan, Kinematografiya agentligi direktori va bir vaqtning oʻzida subsidiya mablagʻlarini taqsimlash boʻyicha qarorlar qabul qilish vakolatiga ega Badiiy kengash raisi – F.Abduxalikov subsidiya mablagʻlarining taqsimlanishi va kontragentni tanlash jarayonida yaqin qarindoshlari benefitsiar boʻlgan (taʼsischilari: Sharapova F.S. - F.Abduxalikovning turmush oʻrtogʻi 70%, Rashidova A.F. - F.Abduxalikovning qizi 20%, Abduxalikov A.F. - F.Abduxalikovning oʻgʻli - 10%) “Master Media Production and Broadcast” MCHJ bilan manfaatlar toʻqnashuviga ega boʻlsa-da, bu holatni bartaraf qilish choralarini koʻrmasdan, mazkur jamiyat manfaatlarini yoqlab ovoz berishda va qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etgan.

Masalan, 2021-yilning oʻzida Kinematografiya agentligi tomonidan berilgan davlat buyurtmalari asosida “Sevimli” telekanali (“Master Media Production and Broadcast” MCHJ) ishtirokida “Orzular palatasi” va “Tuzoq” seriallari suratga olingan.

Jumladan, 2021-yilning 22-fevral kuni Kinematografiya agentligi, “Master Media Production and Broadcast” MCHJ hamda “MY-FILMS” MCHJ oʻrtasida “Orzular palatasi” milliy serialini suratga olish maqsadida qiymati 3,0 mlrd.soʻmlik shartnoma imzolanib, Kinematografiya agentligi tomonidan 1,5 mlrd soʻm pul mablagʻlari “MY-FILMS" MCHJ hisob raqamiga oʻtkazib berilgan.

Bundan tashqari, Kinematografiya agentligi hamda “Master Media Production and Broadcast” MCHJ oʻrtasida “Tuzoq” milliy serialini suratga olish uchun 2021-yilning 18-may kuni jami qiymati 1,8 mlrd.soʻmlik ikki tomonlama shartnoma (dxarid.uz toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma orqali) imzolangan va 1,8 mlrd soʻm pul mablagʻlari jamiyat hisob raqamiga oʻtkazib berilgan.

Shunga koʻra, mazkur holatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori F.F.Abduxalikov yaqin qarindoshlari taʼsischiligidagi MCHJning manfaatlarini koʻzlab, davlat byudjetidan juda koʻp miqdordagi pul mablagʻlarining ajratilishiga erishib, qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan oʻrganish natijalari boʻyicha toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi", deyiladi agentlik xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?