Yangi Oʻzbekistonda inson qadri ustuvor

16:32 09 Sentyabr 2021 Jamiyat
2874 0

Biz bugun xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan yangi Oʻzbekiston davlatini, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda davlat va jamiyatimizning siyosiy-huquqiy poydevorini mustahkamlash, mamlakatni modernizatsiya qilish, bu jarayonda parlament va siyosiy partiyalarning rolini, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli demokratik islohotlar jadal amalga oshirilmoqda.

Shu yil 24-oktyabr kuni mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtadi. Soʻnggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy oʻzgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro ekspertlar taʼkidlaganidek, yangi Oʻzbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni oʻtkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pogʻonaga koʻtarildi. Bu galgi Prezident saylovlari ilk bor 2019-yilning 25-iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida boʻlib oʻtadi. Bu saylov barchamiz uchun Oʻzbekistonning kelgusi taraqqiyoti qanday yoʻldan boradi, farzandlarimiz, oilamiz, mamlakatimiz kelajagini qanday barpo etamiz, degan hal qiluvchi savollarga javob beradigan oʻta muhim siyosiy tadbirdir deb aytsak xato qilmaymiz. Shuning uchun ushbu siyosiy jarayonga koʻpmillatli xalqimiz hamda jahon hamjamiyati ham katta qiziqish va eʼtibor bilan qaramoqda. Saylovda dunyoning 50 ga yaqin mamlakati hamda oʻnlab xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Shu maʼnoda, boʻlgʻusi saylovlar yuksak demokratik mezonlar asosida oʻtadi hamda yangi Oʻzbekiston xalqining oʻsib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etadi.

Bizda “Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun” va “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyillari asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquqiy va qonuniy manfaatlari taʼminlanayotgani Yangi Oʻzbekistonimizda keyingi yillarda olib borilayotgan insonparvarlik siyosati dunyo hamjamiyatida eʼtirof etilayotgani barchamizni birday quvontiradi, gʻayratimizga gʻayrat, shijoat qoʻshadi.

Inson uchun hamisha uning huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatlaridan muhim qadriyat boʻlmagan. Mamlakatimizda aynan bu borada keng koʻlamli demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda. Hech kimga sir emas, bir necha yillar muqaddam Oʻzbekistonda inson huquqlari holati xalqaro hamjamiyat va tashkilotlar tomonidan qattiq tanqidga olinar, bu nafaqat yurtimiz nufuziga, balki mamlakatimiz iqtisodiy rivojiga ham salbiy taʼsir koʻrsatar edi.

Bugun yuksak iftixor bilan shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, joriy yilgi global soʻrov natijalariga koʻra, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tarixiy ahamiyatga molik 15 ta muhim islohoti qatorida, “Inson huquqlari kafolatlari kuchaytirildi, majburiy mehnat, shu jumladan, bolalar mehnati tugatilganligi” alohida qayd etib oʻtilgan.

2021-yil 9-sentyabr kuni OʻzLiDeP Qurultoyida Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston — inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyat va xalqparvar davlatdir” mavzusida nutq soʻzladi. Unda “Davlat – insonlar uchun” degan xalqchil gʻoya, izchillik bilan qaror topib borayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Keyingi yillarda mamlakatimizda inson va uning qadr-qimmatini yuksaltirish borasida ochiqlik hamda shaffoflikka asoslangan islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholining kam taʼminlangan qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar koʻlami kun sayin kengayib bormoqda. Asosiysi, hayotga tatbiq etilayotgan ijtimoiy islohotlar shunchaki kampaniyabozlik yoki xoʻja koʻrsinga emas, aksincha, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bevosita xalqimiz koʻz oʻngida boʻlayotgani ayni haqiqat. Prezidentimiz qurultoy minbaridan turib, “Har qanday islohot quruq raqamlarda emas, balki, eng avvalo, aholining kundalik hayotida, uning dasturxoni va roʻzgʻorida oʻz aksini topishi zarur”, deya taʼkidlab oʻtdi.

Hozirgi vaqtda Oʻzbekistondagi har 100 ta oilaga 162 ta televizor, 107 ta muzlatkich, 287 ta mobil telefon, 49 ta yengil avtomobil toʻgʻri kelmoqda. Aholining uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar bilan taʼminlanganlik darajasini koʻradigan boʻlsak, aholining shaxsiy yengil avtomobillar bilan taʼminlanganlik darajasi 2017-yilda har 100 xonadonga 44 ta, televizorlar soni 154 ta, mobil telefon 257 ta toʻgʻri kelganligi aholining ijtimoiy farovonlik darajasi koʻtarilayotganidan dalolat beradi.

Aholini uy-joy muammosini hal etish boʻyicha keyingi besh yilda yurtimizda, ipoteka dasturlari doirasida, 140 mingdan ortiq uy-joylar barpo etilganligini alohida taʼkidlash lozim. Shaxsiy turar joyga ega boʻlish koʻpchilik uchun bir orzu edi. Oʻz xonadoniga ega boʻlish mehnat samaradorligiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Aholini, ayniqsa, yoshlar orasida kompyuter savodxonligini yuksaltirish, internet tezligi va tannarxini bosqichma-bosqich pasaytirib borish boʻyicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Tan olish kerakki, keyingi yillarda kambagʻallikni qisqartirish, xotin-qizlarni bandligi masalasi, aholi orasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng qoʻllab-quvvatlash ishlarini samarali tashkil etilayotgani odamlarimiz hayotini farovonlashishiga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Liberal demokratlar partiyasidan Prezidentlikka nomzodi ilgari surilayotgan Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturidan ijtimoiy masalalar keng oʻrin olganiga guvoh boʻlyapmiz. Shavkat Mirziyoyevning tanqidiy qarashlari barcha davlat xizmatchilarida masʼuliyat hissini yanada oshishiga turtki boʻlmoqda. Bugun barcha rahbar kadrlar xalq orasiga kirib, aholini qiynab kelayotgan muammolar bilan bevosita tanishayotgani, muammolarni joyida hal boʻlayotgani mamlakatda qashshoqlikni bartaraf etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni jadallik bilan amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bu yilgi Prezidentlik saylovlarida aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar, odamlar uchun yorqin kelajak bashoratlari oʻrtasida kurash ketadi. Mazkur saylovda munosib nomzodga ovoz berish har bir fuqaroning vijdon ishi boʻlishiga ishonamiz.

Rashid Baratov,
Toshkent davlat transport universiteti dotsenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?