“Bu diktatorning harakatlari” — Los-Anjelesda nimalar boʻlmoqda?

18:20 10 Iyun 2025 Dunyo
163 0

Foto: Reuters

Los-Anjelesda AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xodimlarining reydlari ortidan uchinchi kundirki norozilik namoyishlari davom etmoqda. Oʻtgan hafta davomida ushbu idora xodimlari shaharda 118 nafar muhojir qoʻlga olingandi. Shu sababli 6-iyun kuni Los-Anjeles va unga yaqin joylashgan Paramaunt hamda Kompton shaharlari aholisi koʻchalarga chiqdi. Avvaliga namoyishlar tinch oʻtdi. Ammo AQSH prezidenti Donald Tramp shaharga Milliy gvardiyani olib kirishga qaror qilgacha, tartibsizliklar va Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom bilan mojaro yuzaga keldi.

Los-Anjeles politsiyasi AQSH Milliy gvardiyasi olib kelinganidan keyin tartibsizliklar boʻlib oʻtgan hududlarda talonchilik holatlari haqida xabar berdi.

“Tadbirkorlar 6-koʻcha va Brodveydagi doʻkonlar talon-taroj qilingani haqida xabar berishmoqda. Ofitserlar voqea joyiga tergov oʻtkazish uchun yoʻl olishmoqda”, — deyiladi politsiya bayonotida.

Los-Anjelesdagi tartibsizliklar kecha AQSH prezidenti Donald Tramp Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomning chaqiriqlariga qaramay, namoyishlarni tarqatish uchun shaharga Milliy gvardiyaning 2000 askarini yuborishga qaror qilganidan keyin boshlandi. Namoyishlar AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati harakatlariga qaratilgan edi.

“Amerikaning eng yirik shaharlaridan birining markazida betartiblik va qonunsizlik hukm surdi, chunki avvallari asosan tinch tarzda oʻtgan namoyishlar jirkanch tus oldi. Donald Trampning tanqidchilari prezidentning shtat gubernatorining xohishiga qarshi Milliy gvardiya qoʻshinlarini joylashtirish haqidagi gʻayrioddiy qarorini taranglikni kuchaytirib, hissiyotlar boʻroniga sabab boʻlganini aytishdi”, — deb xabar berdi “Sky News”.

Foto: Reuters

Hammasi nimadan boshlandi

Oʻtgan hafta Immigratsiya va bojxona nazorati xodimlari immigratsiya qonunlarini buzganlikda gumon qilib, 118 kishini hibsga oldi. AQSH Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, ular orasida jinoiy guruhning besh aʼzosi, shuningdek, giyohvand moddalar savdosi, zoʻravonlik, bolalarga zoʻravonlik, oiladagi zoʻravonlik, talonchilik va noqonuniy immigratsiya uchun jinoiy javobgarlikka ega boʻlgan shaxslar bor.

Shundan soʻng, 6-iyun kuni Los-Anjeles va unga yaqin joylashgan Paramaunt va Kompton shaharlari aholisi immigratsiya va bojxona nazorati organlarining harakatlariga norozilik bildirish uchun koʻchalarga chiqdi. Baʼzi tartibsizliklar boʻldi — namoyishchilar mashinalarga oʻt qoʻyishdi, politsiyaga pirotexnika va toshlar uloqtirishdi, binolar devorlariga “Immigratsiya va bojxona nazorati bu yerda yoqmaydi” degan yozuvni purkashdi va yoʻllarni toʻsib qoʻyishdi. Biroq, “The Washington Post” yozganidek, aksiyaning eng radikal ishtirokchilari Los-Anjeles shahar chegarasidan tashqarida toʻplangan.

Shahar politsiya boshqarmasining aytishicha, namoyishlar asosan tinch oʻtgan. Shtat gubernatori Gevin Nyusom ham mahalliy hokimiyatlar vaziyatni nazorat ostiga olganini taʼkidladi.

Shu bilan birga, Los-Anjeles okrugi Sherif departamenti 7-iyun kuni kechqurun Paramount shahrida politsiya xodimlariga hujum qilgan ikki kishini hibsga olganini, shundan soʻng bir necha sherifning oʻrinbosarlari norozilik namoyishlari, jumladan, Molotov kokteyli tufayli yengil jarohatlar olgani haqida xabar berdi. 7 va 8-iyun kunlari huquq-tartibot idoralari xodimlari ham namoyishchilarni tarqatish uchun koʻzdan yosh oqizuvchi gaz va granatalardan foydalanishga majbur boʻldi.

Immigratsiya va bojxona nazorati, oʻz navbatida, namoyishchilarni “Los-Anjeles atrofida soliq toʻlovchilar mulkini yoʻq qilishda” aybladi.

Foto: Reuters

Hokimiyat oʻrtasidagi kelishmovchiliklar

Los-Anjeles politsiya departamenti oxir-oqibat immigratsiya reydlari oldidan federal hokimiyat organlari bilan muvofiqlasha olmaganini va “mumkin boʻlgan fuqarolik tartibsizliklarini oldindan rejalashtira olmaganini” tan oldi.

Oq uy apparati rahbari oʻrinbosari Stiven Miller norozilik namoyishlarini “qonunga qarshi qoʻzgʻolon” deb atadi va Loj-s-Anjeles politsiyasi rahbari Jim Makdonnelni deportatsiyani amalga oshirishda federal idoralar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun tanqid qilib, “qonunbuzarlar tomonida” ekanini aytdi.

Namoyishlarning ikkinchi kunidan soʻng Tramp shaharga Milliy gvardiya qoʻshinlarini kiritishni buyurdi, shu tariqa 1965-yildan beri birinchi marta Oq uy rahbari shtat gubernatori bilan kelishmay bunday qadam tashladi.

AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset notinchliklar davom etsa, dengiz piyodalari ham Milliy gvardiyaga yordam berish uchun yuborilishi mumkinligini aytdi.

AQSH prezidentining qarori Kaliforniya gubernatori tomonidan tanqid qilindi va u bu “maqsadli gijgijlash” ekanligini va mahalliy politsiyani kuchaytirish uchun kuchga ehtiyoj yoʻqligini aytdi. Nyusom shuningdek, namoyishchilarni “hech qachon zoʻravonlikka murojaat qilmaslik”ka chaqirdi.

“Federal hukumat Kaliforniya Milliy gvardiyasi ustidan nazorat oʻrnatmoqda va Los-Anjelesga 2000 nafar askar yubormoqda — bu huquq-tartibot idoralari xodimlari kamligi uchun emas, balki ular shou koʻrsatishni xohlayotgani uchun”, — dedi shtat gubernatori.

Shahar meri Karen Bass ham Los-Anjeles aholisi “dahshatga tushganini” aytib, qoʻshinlarni zudlik bilan olib chiqishni talab qildi.

Tramp, oʻz navbatida, xavfsizlik kuchlari tartibsizliklarni bostirishga muvaffaq boʻlganini aytdi va Milliy gvardiyaga yaxshi bajarilgan ish uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Ikki kunlik zoʻravonlik, toʻqnashuv va tartibsizliklardan soʻng Los-Anjelesdagi Milliy gvardiyaning ajoyib ishi... Qoʻzgʻatuvchilar tomonidan uyushtirilgan va koʻpincha buzgʻunchilar tomonidan toʻlanadigan bu radikal chap qanot noroziliklariga toqat qilib boʻlmaydi”, — dedi AQSH prezidenti.

U, shuningdek, Kaliforniya gubernatori va Los-Anjeles merini tanqid qilib, ularni “dahshatli ishi” uchun kechirim soʻrashga chaqirdi. Bundan tashqari, Oq uy rahbarining qayd etishicha, agar ular “qonun va tartib yoʻliga toʻsqinlik qilsalar”, ularga nisbatan ayblov qoʻyiladi.

«Zoʻravonlikni qoʻzgʻatish va provokatsiya qilish, ommaviy tartibsizliklar yaratish, shaharlarni harbiylashtirish, muxoliflarni hibsga olish. Bu prezidentning emas, diktatorning harakatlari”, dedi Kaliforniya gubernatori javoban.

Foto: Reuters

Politsiya bunga dosh berolmaydi

Namoyishlarning uchinchi kuni, 8-iyun kuni kechqurun Los-Anjelesga Milliy gvardiyaning 300 ga yaqin jangchisi yetib borgan edi. Shu bilan shaharda vaziyat yomonlashdi. Los-Anjeles politsiyasi rahbari Jim Makdonnelning aytishicha, huquq-tartibot xodimlari uch kunlik namoyishlar davomida 56 kishini hibsga olgan. U, shuningdek, namoyishlar nazoratdan chiqib ketganini tan oldi.

Nyusom, oʻz navbatida, buning uchun Trampni ayblab, vaziyat keskinlashuviga asossiz ravishda Milliy gvardiyani joylashtirishga qaror qilgan AQSH prezidentining harakatlari sabab boʻlganini aytdi.

Shu bilan birga, “Sky News” telekanali 8-iyunga oʻtar kechasi koʻplab namoyishchilar tarqalib ketganini xabar qildi. Bunga, jumladan, Los-Anjeles politsiyasi yigʻilishni noqonuniy deb eʼlon qilgani ham yordam berdi. Qolganlar politsiya bilan toʻqnashuvda davom etishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер