Andijon shahridagi markaziy poliklinikada yuzaga kelgan portlash sabablari maʼlum qilindi

19:39 01 Mart 2019 Jamiyat
2360 0

Arxiv foto

“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Xabar berganimizdek, 26-fevral kuni soat 10:26 da Andijon shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi hududidagi “Issiqlik manbai” AJga qarashli isitish qozonida portlash yuzaga kelgan edi. Tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar natijasida portlash sabablari aniqlandi.

Maʼlum boʻlishicha, poliklinika joylashgan hududda olib borilayotgan taʼmirlash ishlari natijasida uch kun davomida suv taʼminotida uzilish yuzaga kelgan. Bu haqida mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali xabar berilgan. Shunga qaramay, qozonxona ishchilarining eʼtiborsizligi tufayli qozonxona vaqtinchalik oʻchirilmagan va suvsiz qizib ketishi oqibatida portlash yuzaga kelgan.

— Andijon shahri, Mashrab koʻchasi, 39-uyda joylashgan Andijon shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi hududidagi “Issiqlik manbai” AJga qarashli “A.K.S-100” rusumli isitish tizimi qozonxonasida yuz bergan portlashdan soʻng aholi turarjoylari va mehnat jamoalarida tushuntirish ishlari olib borilyapti. Hududlarda joylashgan isitish qozonxonasi mavjud boʻlgan obyektlar roʻyxatlari tuzilib, kunduzgi hamda tungi reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda, — deydi viloyat IIB YOXB katta muhandisi Azizbek Yorqulov.

Viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda portlash sabablari muhokama qilindi. Unda mutasaddilarga soha xodimlarining malakasini, zimmasiga yuklatilgan masʼuliyat hissini oshirish maqsadida tadbirlar tashkil etish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, mavjud qozonxonalarning yaroqlilik darajasini oʻrganish, texnik sozligini taʼminlash va hal etilishi lozim boʻlgan masalalarga zudlik bilan chora koʻrish yuzasidan kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?