Zulmatdan nur sari. Yoxud nega davlat idoralari ularni ishga olmayapti?

13:39 13 Avgust 2020 Jamiyat
734 0

Bugun yurtimizda har bir inson eʼzozda, eʼtiborda, deb bong uramiz. Sogʻu nogironning jamiyatda birday oʻz oʻrniga ega boʻlish imkoniyati bor, deymiz. Chindan ham shundaymi? Ushbu materialni tayyorlash doirasida soʻrovnoma oʻtkazar ekanmiz, ayrim odamlarning «nega bu mavzuda maqola yozyapsizlar, nogironlar kuniga hali bor-ku», degan ogʻriqli hayratomuz fikrlariga ham duch keldik... Nahot imkoniyati cheklangan insonlar haqida faqat bayramlardagina eslasak?!

Nogiron yurtdoshlarimizga shodiyona kunlari chiroyli bayram dasturxoni, turli koʻngilochar dasturlar, sovgʻalaru hadyalar tashkillashtiramizu, ammo ularning ichki olamiga nazar tashlashga shoshilmaymiz. Bu borada bir emas, bir nechta topshiriqlar amalga oshirilmay qolib ketmoqda! Keling, mavzu doirasida yigʻilgan fikr-mulohazalarni birgalikda koʻrib chiqamiz.

“Davlat idoralari bizni ishga olmaydi...”

Maqola yuzasidan avvalo, Respublika koʻzi ojizlar jamiyatiga murojaat qildik. Biz bilan bogʻlangan Jamiyat xodimi tizimda ijrosi taʼminlanmay qolib ketayotgan qonun va qarorlar talay ekanligini aytib oʻtdi. Bu borada hatto blogerlargacha murojaat qilgani, ammo natija boʻlmaganini maʼlum qildi. Shundan soʻng ijrosi “oqsayotgan” muhim hujjatlardan birini bizga taqdim etdi.

Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining (2017-yil 1-dekabrdagi PF-5270-son https://lex.uz/docs/346192) ijrosi uch yildirki sust kechmoqda. Toʻrt boʻlim, 51 banddan iborat ushbu muhim hujjatda bir qator masalalar belgilangan. Jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yaxshilash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish va reabilitatsiya samaradorligini oshirish, taʼlim olish, ularning maxsus kasbiy tayyorgarligi va qayta tayyorgarligi tizimini takomillashtirish, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar ishga joylashtirilishini taʼminlash kabi masalalar, ularning ijrosiga masʼul idora va tashkilotlar belgilangan. Xoʻsh, topshiriqlar qay darajada amalga oshdi?

Abbos RAHMATOV, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi magistranti:

– Yevropa yoki ummonorti davlatlaridagi imkoniyati cheklangan odamlar, ayniqsa, koʻzi ojizlar hayotini koʻp kuzatganman, ular xohlagan kasbida bemalol ishlay oladilar. Huquqshunoslikmi, iqtisodmi, qaysi soha boʻlsa ham. Bizda esa shu sohalar boʻyicha oliy taʼlim dargohini bitirgan boʻlsangiz ham ishga olmaydi. Jahonda koʻzlari ojiz yoki boshqa xil nogironligi boʻlishiga qaramay shuhrat qozongan kuchli siyosatchilar, harbiylar va boshqa soha vakillari koʻp kuzatilgan va hozir ham mavjud. Qani edi bizlarga ham imkon berilsayu, oʻzimizni koʻrsata olsak... Afsus, davlat idoralari bizni ishga olmaydi...

Nogironligi bor insonlarning davlat tashkilotlariga ishonchi yoʻq. Nega?

Soʻrovnoma doirasida shunday fikrlarga ham duch keldik. Yaʼni odamlar maʼlum vaqtda bir tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi va nogironlik guruhi qayta belgilanadi. Ammo shunday insonlar borki, ularning nogironligini sirtdan bilish qiyin emas. Shunga qaramay, ortiqcha ovoragarchilik bilan koʻrikdan oʻtishga majbur. Sababi universitetga hujjat topshirish, stipendiya, nafaqa olish kabi bir qator hollarda nogironlik toʻgʻrisida “spravka” soʻraladi. Garchi holat kunday ravshan boʻlsa-da. Bunday vaziyatlar ularni davlat tashkilotlaridan uzoqlashishiga sabab boʻlmaydimi?

Azizbek TOSHMIRZAYEV (Andijon):

— Yoshim oʻn toʻqqizda. Bugungacha oʻnta kimyoterapiya, toʻrtta ogʻir operatsiyani boshdan oʻtkazdim. Avval ikki koʻzim, soʻng oyogʻimdan ajraldim. Keyin esa oʻpka saratoni deb tashxis qoʻydilar... uni-da yengdim. Shunga qaramay hech bir tashkilotga yordam soʻrab bormaganman. Nega deganda, yugur-yuguriyu ortiqcha qogʻozbozliklari menga yoqmaydi. Bundan tashqari ham, sabablarim bor. Umuman olganda, ularning hech birini tizimli ishlaydi deb bilmayman.

“Universitetlardagi nogironlar bilan ishlash boʻlimlari faqat nogironlar kuni arafasidagina koʻrinish beradi...”

Shu oʻrinda yana bir kichik savol tugʻiladi, taʼlim dargohlaridagi imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ishlovchi boʻlimlar mavjud. Ushbu boʻlim xodimlarining vazifasi oʻzi nimadan iborat? Faqatgina bayramlarda tabriklashdanmi? Nega ularning faoliyati koʻzga koʻrinmaydi?

Xayrullo RUHITDINOV, Toshkent viloyati, Parkent tumani 5-ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi:

– Avvalo shuni taʼkidlash joiz, oliy taʼlim tizimida koʻzi ojiz talabalar uchun imtiyozlar yoʻq emas, bor. Masalan, qoʻshimcha stipendiya mavjud. Hozir avvalgidan tushdikuya, ammo baribir qoʻshimcha stipendiya saqlab qolindi. Yana yotoqxona olishda ham imtiyoz bor. Bularni eʼtirof etmaslikning iloji yoʻq, albatta. Ammo shuni ham alohida aytish kerak, tizimda koʻzi ojiz talabalarni oʻqitish uchun maxsus dasturlar yoʻqligi bizni koʻp qiynaydi. Qolaversa, har bir chet el universitetlarida, hatto reytingi past boʻlganlaridayam nogironlar bilan ishlash boʻlimlari bor va faol. Bizda ham yoʻq emas. Ammo ular faqat nogironlar kuni arafasidagina koʻrinish beradi, boshqa payt esa jim...

Soʻrovnoma oʻtkazish mobaynida shunisi maʼlum boʻldiki, hech bir yerda Brayl alifbosida hujjat chop etuvchi kompyuter xizmatlari mavjud emas. Universitetlarda bir donadan Brayl alifbosi boʻyicha hujjat chop etuvchi maxsus printerlar oʻrnatilsa va bir mutaxassis biriktirilsa, talabalarning boshqalar bilan barobar izlanishiga katta imkon yaratilgan boʻlar edi. Albatta, 5 —10 talaba uchun buni yoʻlga qoʻyish erishday tuyular, ammo nogironlar bilan ishlovchi boʻlim bu haqda oʻylab koʻrsa va boʻlim qoshida bu ishni yoʻlga qoʻyish imkonini izlab koʻrishi mumkin-ku, shunday emasmi?

Shahzod HASANOV, mustaqil dasturlovchi:

— Men Toshkent axborot texnologiyalari universitetida oʻqiganim bois bitiruv malakaviy ishimni koʻzi ojiz insonlar uchun foydalanishga birmuncha qiyin boʻlgan ayrim dasturlarni oʻrganishga bagʻishlagan edim. Natijada OSM, Dot walker, Nearby explorer online kabi yoʻl koʻrsatuvchi dasturlardan qulay foydalanishning oʻzbekcha yoʻriqnomasini ishlab chiqdim va amaliyotga tatbiq etdim. Shuningdek, ItHelp.uz telegramm kanali hamda guruhini ochganman va unda muntazam ravishda koʻzi ojizlar uchun moʻljallangan turli xildagi dasturlarning foydalanish tartibini oʻrgatib, yoʻriqnoma tuzib, kanalda ulashib boraman. Bilishimcha, koʻrish imkoniyati sust boʻlgan insonlarga yordam beruvchi faol dasturiy kanal hozircha faqat shu.

Guruhim aʼzolari asosan, talabalar. Ularni kuzata turib shunga amin boʻlganmanki, universitetlarda nogironlar bilan ishlash boʻlimlarida Brayl alifbosi boʻyicha texnik xizmat koʻrsatishni bemalol yoʻlga qoʻysa boʻladi. Bunday kompyuter va printer koʻp mablagʻ talab etmaydi nazarimda. Uni yurituvchi mutaxassisni ham oʻsha taʼlim dargohida tahsil oluvchi koʻrish imkoniyati cheklangan talabalar ichidan topish mumkin. Bu boshqa koʻzi ojiz yoshlarni-da oʻsha universitetda oʻqishga ishtiyoqini oshiradi.

Xorij mamlakatlaridagi imkoniyatlarni orzu qilib...

Inson, avvalo, oʻz faoliyatini nazorat qilsa, oʻziga yuklatilgan vazifaga sidqidildan yondashsa, unga zanjirday bogʻlangan boshqa ishlar ham oʻz-oʻzidan tizimlashadi. Ammo, afsuski, bugungi jamiyatni tizimli ishlayapti deya olmaymiz. Xorij mamlakatlaridagi imkoniyatlarni maqtaymizu oʻzimizda hayotga tatbiq etgani urinmaymiz ham deyarli. Nega aksariyat imkoniyati cheklangan insonlar davlat idoralariga murojaat qilishga xafsalalari yoʻq, bu ishonchsizlikdanmi yoki boshqa sabab?.. Savollar koʻp, javoblar esa...

Shokir PANJIYEV, Qashqadaryo viloyati 18-sonli koʻrish boʻyicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasasi ingliz tili oʻqituvchisi:

 Bir necha yil avval Malayziya davlatining “Index Braille Technology Sys” onlayn kursida tahsil oldim. Bir yarim yil mobaynida trenerimiz Anna Laudan imkoniyati cheklanganlar uchun texnik xizmat koʻrsatishning barcha turlarini oʻrgandim. Mashgʻulotlar soʻngida muvaffaqqiyatli va faol ishtirok etganim bois menga Brayl alfavitida hujjatlar chop etuvchi maxsus printer yuborildi. Endilikda men ushbu jihoz orqali rasmiy nashrlarimizning koʻzi ojiz insonlar oʻqishi uchun moʻljallangan variantini yaratishni rejalashtirganman. Keyinchalik maxsus bosmaxona ham tashkil etmoqchiman. Buni amalga oshirish uchun, albatta, mablagʻ lozim. Mablagʻ topishga esa vaqt kerak, homiy kerak.

Bungacha “Dictionary in Braille”, sinov tariqasida Toshkentdagi koʻzi ojizlar maktabining biriga 5-6-7 sinf oʻquvchilari uchun moʻljallangan “Light up” kitoblarini hammualliflikda tayyorlaganman. Endilikda ushbu kitobni butun respublikaga tarqatish ustida ishlayapmiz. Yana koʻp loyihalar rejada bor, ammo hammasi borib pulga taqaladi, afsuski. Koʻzi ojizlar jamiyati esa moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga ojiz, sababi tizim oʻzini oʻzi moliyalashtiruvchi nodavlat-notijorat tashkilot hisoblanadi. Muammolarimizni kimga ochiq aytishni ham bilmaymiz... shu sabab boshqa tashkilotlarga murojaat qilishdan koʻra mustaqil faoliyat yuritishga intilishni afzal koʻramiz. Balki kelajakda biz ham xorij mamlakatlardagi imkoniyatlarga ega boʻlarmiz...

Soʻrovnoma jarayonida Brayl alifbosidagi adabiyotlarning, xususan, diniy kitoblarning yetishmasligi, AOKAning toʻxtab qolgan “Koʻngil koʻzi” loyihasi, shuningdek, yirik tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishda, kredit olishda imkoniyati cheklangan insonlarga imtiyozlarning kamligi toʻgʻrisida ham fikrlar kelib tushdi. Pandemiya chekingach, bu ishlarga alohida eʼtibor qaratilishiga umid qilamiz.

“Xalq soʻzi” bu mavzuga yana qaytadi.

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?