Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari respublika bosqichiga chiqqan 335 nafar iqtidorli qiz orasidan tanlab olinadi

09:23 17 Yanvar 2019 Jamiyat
360 0

Kecha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun oʻtkaziladigan tanlovning respublika saralash bosqichi boshlandi. Unga hududlardan 335 nafar iqtidorli qizning roʻyxati taqdim etilgan. Bu haqda “Xalq soʻzi online”ga Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova xabar berdi.

Aytish joizki, mazkur tanlovning ilk bosqichlarida yurtimizdagi oliy oʻquv yurtlari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, umumtaʼlim maktablari, maktab-internatlar va Mehribonlik uylaridan 30 mingga yaqin xotin-qizlar qatnashgan edi. Bu esa ular orasida tanlovga qiziqish yildan-yilga ortib borayotganining yorqin dalolatidir.

Illyustrativ surat.

Nomzodlar orasidan qoraqalpoq, rus, qozoq, tojik, qirgʻiz boshqird millatiga mansub vakilalar oʻrin olgan.

2019 yildagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi tanlovlarni mutlaqo yangi talqinda oʻtkazish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqdi.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti har yili davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga binoan, taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan, oʻn toʻrt yoshga toʻlgan hamda oʻttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga beriladi.

2000 — 2018 yillar davomida mazkur mukofotga 283 nafar xotin-qiz sazovor boʻlgan. Ularning 65 nafari adabiyot, 79 nafari madaniyat (shundan sportchi kizlar 49 nafar), 49 nafari sanʼat, 24 nafari fan, 43 nafari esa taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taqdirlangan.

Sovrindorlarning 9 nafari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiati, 11 nafari Navoiy va Ibn Sino stipendiyalari sohibalari boʻlgan, 87 nafari esa Osiyo, jahon va boshqa nufuzli xalqaro musobaqalar hamda tanlovlar gʻolibligini qoʻlga kiritgan yoshlardir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?