Zulfiqor Musoqovning yangi filmi — “Berlin — Oqqoʻrgʻon“ haqida ayrim maʼlumotlar

13:52 11 Dekabr 2018 Madaniyat
887 0

Ushbu mazkur intervyu 2018 yilning yanvar oyida olingan. Unda Oʻzbekiston sanʼat arbobi, kinorejissyor Zulfiqor Musoqov suratga olinayotgan film haqida ayrim maʼlumotlarni aytib oʻtgan edi...

— Agar sir boʻlmasa mazkur filmingiz syujeti haqida bir-ikki ogʻiz gapirib bersangiz...
— Xudo xohlasa, syujetini tayyor filmda koʻrarsiz...

— Ssenariy oʻzingizdan boʻlsa kerak?..
— Ha, albatta. Ikki yil mobaynida yozganman.

— Film qayerlarda suratga olinayapti?
— Oʻzimizning oʻlkamizda,qisman Germaniya va Rossiyada olinadi.

— Unda rol oʻynayotgan aktyorlar kimlar?
— Bosh rolda “FOCUS” sanʼat maktabining aktyorlik boʻlimi talabasi Hasan Shuhratov. Bu katta ish — uning ilk roli. Koʻplab nomzodlar ichidan shu yigitni tanladik. Umuman filmda debyutantlar juda koʻp...

— Bu filmni olish ishtiyoqi sizda qachon paydo boʻldi. Bunga biror narsani turtki yoki sabab qilib koʻrsata olasizmi? Va umuman, shu film orqali aytmoqchi boʻlayotgan gapingiz jamiyatda, muxlislaringiz orasida yangi tendensiyalarning shakllanishiga sabab boʻla oladimi?
— Aynan unda koʻtarilgan mavzu tufayli, yaʼni bobolarimizning Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabasi sharofati bilan hammamiz shu yerda oʻtiribmiz, ular ota-onalarimizning hayotini saqlab qolishgan. Gapning ochigʻi, shaxsan meni inson, fuqaro va ijodkor sifatida baʼzi odamlarning ehtiyotkor, konfet qogʻoziga oʻrab “bu mavzu hozir kerakmi?” degan savolining oʻzi juda qattiq ranjitadi. Har galgiday, aytayotgan gaplarim havoga gapirganday boʻlib qolishi maʼlum.
Lekin baribir gapirishim kerak. Bu ssenariyga qarshi boʻlgan odamning umuman sanʼatga aloqasi yoʻq. Pozitsiyasi temir-betonday qotib qolgan. Nimalarga aloqasi borligi - alohida mavzu. Kerak boʻlsa, boshqa vaqt men bu haqda bafurja gapirib berishim mumkin. Shaxsan menda bitta insoniy va ijodiy pozitsiya bor. Rahmatli Malik Qayumov aytgandilar, “Sen tajriba orttirib, oʻnta filmdan keyin, albatta, oʻzbeklarning urushdagi jasoratini koʻrsatgin” degan edilar...Balkim shuning uchun “Vatan” va “Qoʻrgʻoshin” filmlari tugʻilgandir. Har bir millat, har bir xalqning tarixida eng koʻp qurbon boʻlgan zamonlar boʻlgan. Vatanimizda na Iskandar Zulqarnayn, na Chingizxon paytida, na “inqilob” zamonlarida qurbon boʻlganlar sonini Ikkinchi jahon urushida qirilib ketganlarga na nisbiy, na foizli va na umumiy jihatdan tenglashtirib boʻlmaydi: 475 ming 18 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan erkaklar va shular sonidan 2 foizga teng xotin-qizlar nobud boʻldi. Mening enam Mayram buvining 24 sinfdoshidan birortasi qaytib kelmagan, 4,5 million aholidan 1,5 million odam majruh—koʻr, oyogʻi yoki qoʻli yoʻq nogiron boʻlib qaytishdi...

Biz 1999 yilda Berlinda Hojiakbar Nurmatov bilan “II jahon urushi” muzeyida boʻldik. Gid bizga sargʻayib ketgan katta “Barbarossa rejasi”ning 2-qismini koʻrsatdi. Oʻsha hujjatda SSSR tarkibidagi respublikalarda yashovchi barcha millatlar nemis aniqligi bilan qachon va qay tarzda yuq qilinishi rejasini oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Birinchi oʻrinda-yahudiylar, ruslar, beloruslar, ukrainlar, 5-oʻrinda oʻzbeklar va boshqa 126 millat 1950-yilgacha “chala odamlar” sifatida 100 foiz yoʻq qilinishi kerak edi. Bu xunrezlikni amalga oshirish reyxsfyurer Genrix Gimmlerga yuklangan edi...

— Mazkur film oldingi asarlaringizdan nimasi bilan farqlanadi?
— Gʻalati savol-ku... Koʻrarsiz...

— Yana bir gap. Bu film oʻzbek kinosi taqdiriga qay darajada taʼsir qila oladi deb oʻylaysiz?
— Shaxsan bu haqda oʻylamaganman. Umuman,boʻlajak asar qanaqa boʻlishini qayerdan bilaman? Umuman bu savolingizga men tomonimdan javob berish oʻta beandishalik va nokamtarlik boʻlardi.

— Nima uchun uning nomi “Berlin-Oqqoʻrgʻon”?
— Chunki ota-onamning tugʻilib oʻsgan joylari Toshkentdan 55 chaqirim narida Oqqoʻrgʻonda, u yerda bobom,enam va otamning qabrlari bor.

— Bu rostdan ham soʻnggi filmingiz boʻlib qoladimi yoki?...
— Bu gapni birinchi bor “Achchiq choy” koʻrsatuvida aytuvdim... Har bir ijodkorning oʻz yoʻli bor. Juda katta jismoniy va asabiy kuch talab qiladigan amaliy rejissuradan sportchilarga oʻxshab oʻz vaqtida,obroʻsi bor vaqtda ketish kerak...Bu tabiiy jarayon. Qarigan chogʻida muxlislar oldida sharmanda boʻlish kerakmi? Xudoga shukr, ozmi-koʻpmi, suratga olgan bir nechta filmlarim odamlarning yuragidan joy olibdi. Bu baxt emasmi? Ssenariylar yozaman. Bunday toʻxtamga kelishimning ikkinchi sababi – aynan kino sohasidagi bugungi noprofessional muhitni men oʻzimga hech singdira olmayapman...


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?