Zulfiqor Musoqovning “Berlin — Oqqoʻrgʻon” filmi ilk taqdimoti muddati maʼlum qilindi

13:30 11 Dekabr 2018 Madaniyat
707 0

Kinorejissyor Zulfiqor Musoqov “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, “Oʻzbekfilm” DUK buyurtmasiga asosan “Berlin-Oqqoʻrgʻon” nomli toʻliq metrajli badiiy filmni suratga oldi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd qilinishicha, mazkur filmda 1941-1945 yillarda kechgan Ikkinchi jahon urushida oʻzbek millatining jasur va mard oʻgʻlonlari, shuningdek, front ortidagi Oʻzbekiston xalqining koʻrsatgan beminnat mehnatlari hamda insoniylik munosabatlari aks ettirilgan.

Joriy yilning 14 dekabr kuni soat 15.00 da Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda “Berlin-Oqqoʻrgʻon” nomli badiiy filmning faqat ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun taqdimoti va namoyishidan soʻng matbuot anjumani oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil aprelda Zulfiqor Musoqov film suratga olish ishlari boshlangani haqida xabar bergandi. Filmning baʼzi lavhalari Berlinda suratga olingan. 2017 yilda “Oʻzbekkino” MA davlat hisobidan ajratilgan yillik byudjet suratga olish uchun moʻljallangan barcha filmlarni qoplamaganligi sababli “Berlin — Oqqoʻrgʻon” filmining suratga olish ishlarini vaqtincha toʻxtatib qoʻygan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?