Zulfiqor Musoqov: “...jahonga chiqishning bor-yoʻgʻi bittagina yoʻli bor: “odam koʻradigan” kino olsak boʻldi”

11:13 24 Oktyabr 2019 Madaniyat
145 0

Taniqli kinorejissyor Zulfiqor Musoqov oʻzbek kinosi haqida fikrlarini bildirib oʻtdi :

– Qancha muhokama qilmaylik, jahonga chiqishning bor-yoʻgʻi bittagina yoʻli bor: “odam koʻradigan” kino olsak boʻldi. Masalan, yaxshi kitobni oʻqiganingizdan keyin uni bir oy oʻtib yana qoʻlingizga olganingiz kabi yaxshi kinoni ham qayta tomosha qilishga ehtiyoj sezasiz. Oʻtgan oyda Adiz Rajabov Yaponiyada boʻlib qaytdi. Uning aytishicha, “Abdullajon” filmi Yaponiyada hamon sotilayotgan ekan. Yaponiiyalik kino ishqibozlari filmning diskini 20 dollardan sotib olishyapti. Bizda esa kinolarimizning sotuvi havas qilarli ahvolda emas.

Kartinani tomoshabinlarga koʻrsatishning turli yoʻllaridan foydalanishimiz kerak. Yaqinda kinotargʻibotchilar tashabbusi bilan 8 ta viloyatda boʻldik, jumladan, Gʻallaorolda, Boʻkada aholi bilan ijodiy muloqot qildik. Xalq kino tomosha qilishga, kinoijodkorlar bilan yaqindan uchrashishga tashnaligini koʻrib xursand boʻlib ketdim. Biz filmni tekinga qoʻyib berdik. Tomoshabinlarning kinodan taʼsirlanib yigʻlaganlarini koʻrsangiz edi... Ijodiy faoliyatim davomida 23 ta film suratga olgan boʻlsam, bor-yoʻgʻi ikkitasigina foyda keltirgan, xolos. “Osmondagi bolalar 1” toʻqqiz yarim oy, “Osmondagi bolalar 2” asarim olti yarim oy kinoteatrda qoʻyilgan. Ochigʻini aytsam, bu – umuman kutilmagan narsa.

Agar kino yuz foiz keltiradigan soha boʻlganda hamma oʻzini kinoga urgan boʻlardi. Doimiy foyda keltiradigan hunar ikkita: novvoylik bilan goʻrkovlik. Non hamisha ehtiyojimiz uchun zarur, hamma odam bir kun oʻladi. Muhimi, sodda, samimiy, odamlarning qalbidan joy oladigan oddiy film qilish kerak, tamom.

Muammolarimizni sanayversak, ancha gapirishga toʻgʻri keladi. Mana, masalan, aktyorlarimizga toʻlanadigan haq nihoyatda kam. Bir aktyor uchun kuniga toʻlanadigan 175 ming soʻm haq – tarixda qoladigan rollar uchun nihoyatda arzimas narx. Kino uchun umrini bagʻishlashga tayyor aktyorlarimiz borligiga shukur. Ular kam maoshga ham rozi boʻlishadi. Rejissyorlar, operatorlar, bastakorlar ishsiz yurishsa, ularga maosh toʻlanmaydi. Masalan, teleoperatorlar televideniyeda hech kim koʻrmaydigan koʻrsatuv tayyorlashsa ham yaxshigina maosh olishadi. Kinoda ishlaydigan operatorlar esa kino boʻlmasa maoshsiz qolishadi.

Davlatning yordamisiz kino oʻladi. Bu – aksioma. Dunyoda faqat uchta mamlakatdagina kino davlat yordamiga muhtoj emas: AQSH, Hindiston va Nigeriya. Tanganing ikkinchi tomoni ham bor: davlat bergan mablagʻga arziydigan yaxshi asar yaratish lozim. Bu kinoijodkor uchun – vijdon ishi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?