Qurbon hayiti namozi oʻrniga tavsiya etilgan Zuho namozini oʻqish tartibi va vaqtlari

22:15 30 Iyul 2020 Jamiyat
4370 0

Zuho namozi manbalarda turli nomlar bilan zikr qilingan boʻlib, koʻproq “Ishroq namozi”, “Shuruq namozi”, “Avvobiyn namozi” va “Choshgoh namozi” deb yurtiladi. Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati maʼlum qildi.

"Zuho namozini ado etish nafl amal sanaladi. Nafl deb, kishini oʻz ixtiyori bilan farzga qoʻshimcha tarzda bajaradigan amaliga aytiladi. Yaʼni, Zuho namozi – bir kunda besh mahal ado etilishi majburiy boʻlgan farz namozlarini toʻldiruvchi, ixtiyoriy suratda ado etilsa, ulkan savob boʻladigan namoz hisoblanadi.
Vaqti:
- Bu namozning vaqti quyosh bir nayza boʻyi koʻtarilganda, yaʼni quyosh chiqqandan taxminan 20 daqiqa keyin boshlanadi.
- Oxirgi vaqti esa kun tikkaga kelgan vaqtdan bir soat avvalgi vaqtgacha hisoblanadi. Ushbu ikki vaqt oraligʻida Zuho namozini ado etish mumkin.
Rakatlari soni: Zuho namozi ikki rakatdan sakkiz rakatgacha oʻqish mumkin. Eng afzali toʻrt rakatdan oʻqishdir. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam koʻproq toʻrt rakatdan oʻqiganlari Oisha raziyallohu anhodan naql qilingan. Zuho namozida maʼlum suralarni oʻqish shart qilinmagan. Ushbu namoz ovoz chiqarmasdan maxfiy, yolgʻiz holatda oʻqiladi
Fazilati: Zuho namozining fazilatiga doir koʻplab hadisi shariflar vorid boʻlgan. Jumladan, Muoz ibn Anas al-Juhaniy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini oʻqib boʻlganidan keyin namoz oʻqigan joyida to zuho namozini oʻqiguncha oʻtirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan boʻlsa, uning xatolari, agar dengiz koʻpigidan koʻp boʻlsa ham magʻfirat qilinadi”, deganlar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim zuho namozini bardavom oʻqisa, uning gunohlari dengiz koʻpigicha boʻlsa ham magʻfirat qilinadi”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Sizlarning har bir aʼzoingizga sadaqa vojibdir. Har bir tasbihingiz – sadaqa, har bir hamd aytishingiz – sadaqa, har bir tahlilingiz (“La ilaha illalloh”, deyishingiz) – sadaqa, har bir takbiringiz – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz – sadaqa, yomonlikdan qaytarishingiz – sadaqa. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat zuho namozini oʻqishingiz kifoyadir”, - dedilar (Imom Muslim rivoyatlari)
Zuho namozini oʻqish tartibi:
Namozga kirishish:
- Namozni boshlashdan avval quyidagicha niyat qilinadi: “Toʻrt rakat zuho namozini xolis Alloh uchun oʻqishni niyat qildim”.
- Keyin ikki qoʻlni quloqning yumshoq joyiga olib borib, “Allohu akbar” deb namozga kiriladi.
- Keyin qoʻllar tushirilib, kindik ostida bogʻlanadi.
Birinchi rakat:
- Qoʻllar bogʻlangandan keyin quyidagi “Sano” duosini oʻqiydi: “Subhaanakallohumma vabihamdika vatabaaro kasmuka vataʼaalaa jadduka valaa ilaaha gʻoyruk”.
- Soʻng “Aʼuzu” va “Bismillah”ni aytib, “Fotiha” surasini oʻqiydi.
- Keyin “omiyn” deydi.
- Soʻngra oʻzi yaxshi bilgan bir surani zam sura sifatida oʻqiydi.
- Keyin “Allohu akbar” deb, ruku qiladi.
- Rukuda uch marta “Subhaana robbiyal ʼazim”, deyiladi.
- Soʻngra “Samiʼallohu liman hamidah”, deb boshini rukudan koʻtarib, yana tik turiladi.
- Keyin “Robbanaa lakal hamd”, deb biroz tik turadi
- Keyin “Allohu akbar” deb sajdaga boradi. Sajdada uch marta “Subhana robbiyal aʼlaa”, deydi.
- Sajdadan “Allohu akbar” deb qaytib, xotirjam holatda, qoʻllarini sonini ustiga qoʻyib oʻtiradi
- Keyin yana “Allohu akbar” deb yana bir marta sajda qiladi. Unda ham uch marta “Subhana robbiyal aʼlaa”ni aytadi.
Keyin “Allohu akbar” deb ikkinchi rakatga turadi.
Ikkinchi rakat:
- Ikkinchi rakat ham birinchisi kabi boʻladi. Faqatgina ikkinchi rakatda “Sano” oʻqilmaydi, “Aʼuzu” aytilmaydi.
- Namozxon ikkinchi rakatda ikki marta sajda qilib boʻlgandan keyin oʻtiradi va “Attahiyyat” duosini oʻqiydi.
- Keyin “Allohu akbar” deb uchinchi rakatga turadi.
Uchinchi rakat:
- Uchinchi rakatda ikkinchi rakatda nima qilgan boʻlsa shuni bajaradi.
- Uchinchi rakatning ikki marta sajdasidan keyin oʻtirmasdan toʻrtinchi rakatga turadi.
Toʻrtinchi rakat:
- Toʻrtinchi rakatda uchinchi rakatda nima qilgan boʻlsa, shuni qiladi.
- Toʻrtinchi rakatning ikki sajdasini bajargandan keyin oʻtiradi va “Attahiyyat” duosini oʻqiydi.
- Keyin “Allohumma soli ʼalo...” va “Allohumma borik ʼalo...” salavotlarini oʻqiydi.
- Mazkur ikki salavotdan keyin “Allohumma magʻfirli...” yoki “Robbanaa aatinaa fid dunya...” duolaridan birini oʻqiydi.
- Keyin avval oʻng yelkasiga qarab, “Assalamu alaykum va rohmatulloh” deb salom beradi.
- Keyin chap yelkasiga qarab “Assalamu alaykum va rohmatulloh”, deb salom beradi.
Shu bilan toʻrt rakatli zuho namozi ado etilgan hisoblanadi.
2020-yil Qurbon hayiti kunidagi zuho namozini oʻqish vaqti Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ulamolari tomonidan Islom dini manbalari va astronomik maʼlumotlarga tayangan holda Qurbon hayitining birinchi kuni 2020-yil 31-iyul, juma kuniga toʻgʻri kelishi haqida xulosa qilindi.
Shunga koʻra, 2020-yil 31-iyul juma kuni Zuho namozi Toshkent vaqti bilan 05:36 da, boshqa joylarda namoz vaqtidagi tafovutni inobatga olib oʻqiladi.
Alloh taolo Qurbon hayiti kunidagi Zuho namozimizni barchamizdan qabul aylab, bu kunning sharofati bilan yurtimizni fayzu barakotga toʻldirsin!
Zuho namozini viloyatlarda oʻqiladigan vaqtlari
Viloyat Namoz vaqtlari
1. Namangan viloyati 05:26
2. Andijon viloyati 05:26
3. Fargʻona viloyati 05:26
4. Toshkent shahri 05:36
5. Toshkent viloyati 05:41
6. Sirdaryo viloyati 05:41
7. Jizzax viloyati 05:46
8. Samarqand viloyati 05:46
9. Surxondaryo viloyati 05:51
10. Qashqadaryo viloyati 05:56
11. Buxoro viloyati 05:56
12. Navoiy viloyati 06:11
13. Xorazm viloyati 06:11
14. Qoraqolpogʻiston Respublikasi 06:46
Eslatma: Ushbu jadvalda koʻrsatilgan vaqtlar quyosh chiqqanidan keyin 20 daqiqalik farqni inobatga olib belgilandi", deyiladi xabarda. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?