Zoʻravonlik ekstremizmiga qarshi kurashish boʻyicha AQSH tajribasi oʻrganilmoqda

15:22 04 Noyabr 2019 Jamiyat
101 0

Shu kunlarda mamlakatimiz delegatsiyasi AQSHda boʻlib turibdi. Bu haqda mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi xabar berdi.

Delegatsiyamiz tarkibidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, IIV, Bosh prokuratura, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Din ishlar boʻyicha qoʻmita va TIV vakillari joy olgan.

Ular AQSH Davlat departamentining “Zoʻravonlik ekstremizmiga qarshi kurashish uchun jamiyat salohiyatini yaratish” tanishtiruv dasturida ishtirok etishyapti.

Xususan, delegatsiyamiz zoʻravonlik ekstremizmining oldini olish, ushbu tahdidga qarshi kurashish sharoitida fuqarolar erkinliklarini taʼminlash, ekstremistik guruhlarning sobiq aʼzolarini jamiyatga qayta moslashtirish(reintegratsiya qilish), mojarolarni hal etish dasturlari, terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha tadqiqotlar yoʻnalishida mezbon davlatning ilgʻor tajribalari hamda federal hukumatlarning saʼy-harakatlari bilan tanishmoqda.

Ayni chogʻda radikallashuvga qarshi bardoshlilikni oshirish yoʻlida aholi bilan ishlash, ekstremizmga qarshi kurashishda hukumat va OAV oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar, shuningdek, ushbu xatarni bartaraf etishda jamoatchilik, ishbilarmonlik va din yetakchilari rolini oshirish boʻyicha turli dasturlar qatnashchilar eʼtiboriga havola qilindi.

Vashington, Baltimor(Merilend), Kalamazu(Michigan) va Nyu-York shaharlari delegatsiyamiz tashrif buyuradigan manzillar sifatida belgilangan. Zero, dastur boʻyicha aynan shu shaharlarda Davlat departamenti, Tinchlik instituti, Jorjtaun universiteti, Xelsinki komissiyasi, AQSH Global media agentligi va boshqa tegishli idoralarda mavzuga doir seminarlar oʻtkazilishi belgilab qoʻyilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?