Zominda yosh ijodkorlarning anʼanaviy anjumani boshlandi

16:04 04 Iyul 2019 Madaniyat
211 0

Foto: "Xalq so'zi"

Anʼanaga koʻra, har yili oʻtkaziladigan Zomin seminari ishtirokchilari dastlab Jizzax shahrida diqqatga sazovor joylarni koʻzdan kechirishdi va atoqli davlat arbobi Sharof Rashidov, el suygan ijodkorlar Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim haykallari poyiga gulchambarlar qoʻyishdi. Ularga atalgan muzeyda boʻlishib, adiblarning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishishdi. Shundan soʻng anjumanning doimiy manzili — soʻlim Zomin tumanidagi purviqor togʻlar qoʻynidagi Oʻriklisoyga joʻnab ketishdi.

Joriy yilgi anjumanda yurtimizning turli hududlaridan 200 nafarga yaqin yosh shoir va yozuvchilar, mamlakatimizning taniqli qalam ahli ishtirok etmoqda.

Bu yilgi seminar Prezidentimiz tomonidan adabiyot va ijod ahliga, yosh isteʼdodlarga gʻamxoʻrlik, kitob hamda kitobxonlik targʻibotiga eʼtibor ifodasi, qabul qilingan qarorlarning ijrosi sifatida katta tayyorgarlik bilan boshlandi.

Vatanimizning eng soʻlim, ilhombaxsh goʻshasi — Oʻriklisoyda yoshlar va ular bilan yuzma-yuz uchrashib, saboq berishga kelgan ustoz ijodkorlarni viloyat hamda Zomin tumani jamoatchiligi, adabiyot ixlosmandlari vakillari samimiy mehmondoʻstlik bilan kutib olishdi.

Foto: "Xalq so'zi"

Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Jizzax viloyati xokimi Ergash Soliyev va boshqalar maʼnaviyatni yuksaltirishning asosiy omili sifatida yurtimizda adabiyotni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng targʻib qilish, ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, yosh iqtidorlarni kashf etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, bundan yigirma bir yil muqaddam oʻsha paytda Jizzax viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritgan Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan Zomin seminari bugun ham yosh isteʼdod sohiblariga beqiyos ragʻbat va ilhom manbai boʻlib xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda ijodkorlar uylari, poytaxtimizda koʻrkam Adiblar xiyoboni barpo etilgani ijod ahliga eʼtiborning yana bir namunasidir. Adabiyotimizning atoqli vakillari nomidagi ijod maktablari yoshlarning qalamlarini charxlash, ularni har tomonlama barkamol insonlar etib voyaga yetkazishga xizmat qilyapti.

Uch kun davom etadigan seminar doirasida respublikamizning taniqli shoirlari ishtirokida davra suhbatlari, mushoiralar, adabiy janrlar boʻyicha shoʻbalarda mashgʻulotlar, mahorat darslari, tabiat qoʻyniga sayohatlar va boshqa tadbirlar oʻtkaziladi.

Tolib ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?