Samarqandlik tadbirkor ot federatsiyasiga rahbar etib tayinlandi

09:41 12 Fevral 2019 Sport
2132 0

Arxiv foto

Feruz Abdullayev Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasida vaqtida tashkilotning yangi raisi etib saylandi. Bu haqda MOQ matbuot xabar berdi.

Konferensiya ishtirokchilari bir ovozdan nomzod sifatida koʻrsatilgan Abdullayevni qoʻllab-quvvatlagan. Shu tariqa, Feruz Abdullayev Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining yangi raisiga aylangan. Abdullayev bu lavozimga sobiq Bosh vazir oʻrinbosari Zoyir Mirzayev oʻrniga tayinlangan.

Maʼlumot uchun, Feruz Abdullayev 1976 yilda Samarqandda tavallud topgan. Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib keladi. GoSport.uz maʼlumotlariga koʻra, Abdullayev Samarqanddagi eng yirik gilam ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri SAG (Sam Antep Gilam) kompaniyasi rahbari sanaladi.

Foto: MOQ

“Bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu sport men uchun begona emas. Mamlakatimizda ot sporti soʻnggi 5-6 yilda rivojlandi deya olaman. Nasib qilsa, birgalikda harakat qilamiz va mazkur sport turini yanada rivojlantiramiz. Boshqa viloyatlarda ham ot sporti yoʻnalishlarini kuchaytiramiz”, – dedi Feruz Abdullayev.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2018 yil 29 oktyabr kuni barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatning har qanday shakl va koʻrinishlariga yoʻl qoʻymaslik borasidagi javobgarligini oshirish toʻgʻrisida farmoniga muvofiq, gʻalla ekish va sugʻorish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygani bois Zoyir Mirzayev Zoyir Bosh vazir oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari lavozimidan ozod etilgandi.

Oradan 10 kun vaqt oʻtib, Mirzayev Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumani hokimi etib tayinlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?